Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

20

IJTIMOIY HIMOYAGА MUHTOJ FUQАROLАRGА BERILАDIGАN IMTIYOZ VА KАFOLАTLАR


Barchamizga maʼlumki, soʼngi yillarda mamlakatimizda aholi, shu jumladan, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti ogʼir, ishsiz va kasb-hunarga ega boʼlmagan, huquqiy va maʼnaviy-psixologik qoʼllab-quvvatlashga zarurati boʼlgan fuqarolarga davlat tomonidan manzilli koʼmaklashish boʼyicha mutlaqo yangicha tizim joriy qilindi.
Ushbu yoʼnalishda Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 aprelda “Moddiy yordam va koʼmakka muhtoj oilalarni,xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qoʼllab-quvvatlash boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida” 250-son qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorga asosan, manzilli hamda har bir shaxs bilan individual va tizimli ravishda muntazam ish olib borishni tashkil qilish maqsadida, moddiy yordam va koʼmakka muhtoj oilalar boʼyicha mutlaqo yangi — «Temir daftar», ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qoʼllab-quvvatlashga, bilim va kasb-hunar oʼrganishga ehtiyoji va ishtiyoqi boʼlgan xotin-qizlar va yoshlar boʼyicha tegishlicha «Аyollar daftari» va «Yoshlar daftari» tizimlari hayotga tatbiq etilishi belgilandi.
Ushbu qarorning 1-Ilovasi bilan «Temir daftar»ni yuritish orqali ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti ogʼir oilalar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qoʼllab-quvvatlash boʼyicha “Vaqtinchalik tartib” tasdiqlandi. Ushbu qarorga binoan, mamlakatimizda ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti ogʼir hamda sektor rahbarlari tomonidan alohida nazoratga olingan oilalarni qayd etish, muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish boʼyicha, yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirish maыsadida «Temir daftar» yuritilishi belgilandi.
Shuningdek, Vaqtinchalik tartibning 4-bandiga asosan, har bir sektor boʼyicha mahallabay «Temir daftar»ga quyidagi toifadagi oilalar kiritilishi belgilandi:
Xususan, Vazirlar Mahkamasining «Аholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida» 2021 yil 5 martdagi 122-son qarori talablari asosida kam taʼminlangan oila, deb eʼtirof etilgan oilalar;
ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi boʼlgan aʼzolari mavjud oilalar; kam taʼminlangan yakka-yolgʼizlar va keksalar; boquvchisini yoʼqotgan ehtiyojmand oilalar; koʼp (4 va undan ortiq) farzandli moddiy koʼmakka muhtoj oilalar; mehnatga layoqatli ishsiz aʼzolari mavjud ehtiyojmand oilalar;
tibbiy yordamga muhtoj ehtiyojmand surunkali yoki ogʼir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan va nogironlik guruhi belgilanmagan aʼzolari mavjud yetarli daromad manbaiga ega boʼlmagan oilalar;
noturar joylarda istiqomat qilayotgan, oʼzi yoki birgalikda yashovchi oila aʼzolarining nomida turar joy boʼlmagan ehtiyojmand oilalar.
Eng muhim tomonlardan biri, ushbu qarorga muvofiq «Temir daftar»ga kiritilgan fuqarolarga keng imtiyozlar va imkoniyatlar yaratib berilganligidir.
Jumladan, qarorga koʼra «Temir daftar»ga kiritilgan tadbirkorlikni yoʼlga qoʼyish va rivojlantirish uchun kredit olish istagida boʼlgan xotin-qizlarga kreditlar bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravarigacha miqdorda 6 oygacha imtiyozli davr bilan 3 yildan koʼp boʼlmagan muddatga ajratilishi belgilandi.
Eʼtiborga molik muhim jihatlardan yana biri, «Аyollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlarga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish Davlat dasturlari doirasidagi resurslar hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravardan ortiq, biroq 4000 baravaridan yuqori boʼlmagan miqdorda kredit ajratilishi mumkinligi belgilandi.
Shu bilan bir qatorda, qarorga koʼra Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi tomonidan tasdiqlangan roʼyxatlar asosida «Аyollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlarni qoʼllab-quvvatlash jamgʼarmasi mablagʼlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan toʼrt baravarigacha boʼlgan miqdorda bir martalik moddiy yordam berilishi mumkinligi ham qatьiy tartibda belgilandi.
Eʼtiborli tomonlardan yana bir jihati, «Аyollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlar va ular bilan birga turadigan oila aʼzolariga, har bir oila aʼzosiga toʼgʼri keladigan umumiy maydoni eng koʼpi bilan oʼn olti kvadrat metrdan kam boʼlmagan hajmda, biroq bir oila uchun jami 48 m2 oshmagan holda turar joy ijarasi uchun toʼlovlar amalga shiilishi nazarda tutilganligidir.
Yana bir muhim tomoni,qaror bilan «Yoshlar daftari»ga kiritilgan moddiy ahvoli qiyin yoshlarga BHM 4 baravarigacha miqdorda Vasiylik kengashi qaroriga muvofiq bir martalik moddiy yordam koʼrsatilishi belgilandi.
Shuni ham taʼkidlab oʼtish kerakki, mazkur qaror bilan, nodavlat kasb-hunarga oʼqitish markazlariga «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarni tadbirkorlikka va kasb-hunarga oʼqitish uchun sarflangan xarajatlarning 75 foizigacha qismi «Yoshlar daftari» jamgʼarmasi mablagʼlari hisobidan qoplab berish;
tomorqa yer egasi boʼlgan yoki «Har bir yoshga — bir gektar» tamoyili asosida ikkilamchi ijara huquqi asosida ekin maydonlari ajratib berilgan yoshlarga urugʼlik va koʼchatlar xarid qilish uchun BHMning 8 baravarigacha miqdorda Vasiylik kengashi qaroriga muvofiq toʼlab berish;
tadbirkorlik yoki oʼzini oʼzi band qilish faoliyatini boshlamoqchi boʼlgan yoshlarga asbob-uskuna yoki mehnat qurollarini xarid qilish uchun BHMning 40 baravarigacha miqdorda Vasiylik kengashi qaroriga muvofiq subsidiya ajratish;
«Temir daftar» hamda «Yoshlar daftariga» kiritilgan yoshlarning mamlakatimizdagi professional va oliy taʼlim muassasalarida toʼlov-kontrakt asosida oʼqishi uchun yillik xarajatlarning 50 foizigacha, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan oshmagan miqdorda toʼlov amalga oshirilishi;
yosh oilalarning sektorlar rahbarlariga va Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) boʼlimlariga bergan arizasiga muvofiq, ularga 12 oygacha turar joy uchun ijara kompensatsiyasi har oyda BHMning 3 baravaridan oshmagan miqdorda toʼlab berilishi;
«mehribonlik» uylari tarbiyalanuvchilari hamda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarning safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati badali Vasiylik kengashi qaroriga asosan «Yoshlar daftari» jamgʼarmasi mablagʼlari hisobidan qoplanishi;
«Temir daftar»ga kiritilgan oilalarning ahvoli ogʼir boʼlgan bemor farzandlarining mamlakatda yoki xorijiy davlatlarda davolanish bilan bogʼliq xarajatlarining BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdordagi qismi tegishli soha mutaxassislari xulosasiga asosan Vasiylik kengashi tomonidan «Yoshlar daftari» jamgʼarmasi mablagʼlari hisobidan qoplab berilishi belgilandi.
Xulosa oʼrnida aytganda, ushbu qaror bilan, yurtimizda aholi, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti ogʼir, ishsiz va kasb-hunarga ega boʼlmagan, huquqiy va maʼnaviy-psixologik qoʼllab-quvvatlashga qaratilgan mustahkam huquqiy asoslari yaratildi desak, aslo xato boʼlmagan boʼlar edi.

B.Аvazmetov,
Toʼrtkoʼl tuman yuridik xizmat koʼrsatish markazi boshligʼi,2-darajali adliya maslahatchisi