Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

20

Korrupsiya – jamiyat taraqqiyotiga to'siq bo'ladigan illat


Korrupsiya – jamiyat taraqqiyotiga to'siq bo'ladigan illat

Bugungi kunda korrupsiya dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo'lgan global muammolardan biri hisoblanadi. Ushbu illat har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur etkazadi, inson huquq va erkinliklarining poymol bo'lishiga olib keladi. Shu bois unga qarshi kurash xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim masalalari qatoridan joy olgan.
Hozirgi davrda korrupsiya ko'pgina davlatlarning iqtisodiy va siyosiy salohiyatiga o'zining salbiy ta'sirini ko'rsatib bera oldi. Unga qarshi kurashish, muntazam ravishda amalga oshirilishi zarur bo'lgan dolzarb vazifalardan biriga aylandi.
Shulardan kelib chiqib, 2017-yil 3-yanvar kuni “Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilinib, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmi yaratildi. Uning asosiy maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.
O'zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi Qonunining 3-moddasida asosiy tushunchalar berilgan bo'lib, unda korrupsiyaga oid huquqbuzarlik va manfaatlar to'qnashuviga doir tushunchalarga ta'rif berilgan, ya’ni korrupsiya – shaxsning o'z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini, yoxud o'zga shaxslarning manfaatlarini ko'zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishidir.
Mazkur Qonun o'z navbatida, fuqarolarga korrupsiya va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida tushunchalar va ularning salbiy illatlari haqida ma'lumot beradi.
Darhaqiqat, korrupsiya har qanday jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy, ma'naviy hayotiga xavf soladigan, qolaversa, mamlakat taraqqiyotiga to'siq bo'ladigan illatdir.
Mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishning umumiy strategiyasini amalga oshirish doirasida qonun ustuvorligini ta'minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh qilish va bunda korrupsiya jinoyatiga qarshi kurashish yuzasidan qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Mamlakatimizda olib borilayotgan tub islohotlar sharoitida davlat qurilishi va huquqiy siyosatning mazmun va mohiyatini aniqlashtirish, uning maqsad va vazifalarini islohotlarning bugungi taraqqiyoti asosida shakllantirib borish, inson manfaatlarini ta'minlashning strategik jihatdan yangi vositalar bilan bir qatorda, ham taktik xususiyatga ega bo'lgan yangi usullarni qo'llash, shaxs hamda jamiyat manfaatlarini yanada samaraliroq himoya qilish, korrupsiyaning oldini olishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish ehtiyoji vujudga kelishi bilan belgilanadi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo'shma majlisidagi “Erkin va farovon, demokratik O'zbekiston davlatini mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” mavzuidagi ma'ruzasida “Jamiyatimizda korrupsiya, turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi kurashish, ularga yo'l qo'ymaslik, jinoyatga jazo, albatta, muqarrar ekani to'g'risidagi qonun talablarini amalda ta'minlash bo'yicha qat’iy choralar ko'rishimiz zarur”, deb bejiz ta'kidlamadi.
Qonunning 5-moddasida esa korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari ko'rsatib o'tilgan bo'lib, ular: aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o'z vaqtida aniqlash, ularga chek qo'yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi printsipini ta'minlashdan iboratdir.
O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida javobgarlik belgilangan quyidagi ijtimoiy xavfli qilmishlar korrupsiyaviy jinoyatlar hisoblanadi:
Masalan, o'zlashtirish yoki rastrata yo'li bilan talon-toroj qilish, jinoiy yo'l bilan topilgan mulkni olish yoki o'tkazish, byudjet intizomini buzish, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, hokimiyat harakatsizligi, pora olish, pora berish; pora olish-berishda vositachilik qilish, xizmatchini pora evaziga og'dirish, tovlamachilik yo'li bilan haq berishni talab qilish, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo'llash, tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish, yolg'on guvohlik berish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi va hokazolar.
Ushbu qonunning muhim ahamiyatli jihati korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari haqida ma'lumot berilgan bo'lib, O'zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha faoliyatni qonunchilikka muvofiq boshqa davlat organlari ham amalga oshirishlari nazarda tutilgan.
Darhaqiqat, korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish, ta'lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy ta'lim va tarbiya masalalari Qonunning 16, 17, 18-moddalarida o'z ifodasini topgan. Chunki huquqiy ong va huquqiy madaniyati yuksak bo'lgan hamda huquqiy ta'lim va tarbiya jihatdan etuk bo'lgan insonlar salbiy illat bo'lmish korrupsiyaga yo'l qo'ymaydilar.
Shuningdek mazkur qonunning yana o'ziga xos jihati, 5-bobida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga chek qo'yish, javobgarlikning muqarrarligi nazarda tutilgan.
Shunday ekan, o'zimizga xulosa qilishimiz, kelajakni korrupsiyasiz birgalikda qurishimiz, buning uchun avvalo o'zimizni o'zimiz tarbiya qilishimiz, korrupsiyanining har qanday ko'rishnishini bartaraf qilish uchun birgalikda kurashishimiz zarurdir. Yuqoridagi qonun esa davlat va jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta'sir etuvchi mazkur illatga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmi sifatida xizmat qiladi.


Bo'zatov tumani yuridik xizmat
ko'rsatish markazi boshlig'i                                      Dushanov R.M