Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

02

Konstitutsiya – inson huquqlari kafolati


Konstitutsiya – inson huquqlari kafolati
  
     Barchamizga maʼlumki, davlatimiz asosiy qonuni - Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – 1992-yil 8-dekabrda oʼn ikkinchi chaqiriq Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining oʼn birinchi sessiyasida qabul qilindi. Yana bir necha kundan soʼng Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilingan kunga ham yigirma toʼqqiz yil toʼladi.
     Mustaqillik davrida mamlakatimiz hayotining turli sohalarida tub islohotlar yuz berdi. Buning zamirida mamlakatimizning mustaqil taraqqiyot yoʼlini belgilab bergan, shaxs va jamiyat munosabatlari, inson huquq va erkinliklarining kafolati boʼlgan Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining oʼrni muhim. Zero, bosh qomusimiz mamlakatimizning barcha sohalarda rivojlanishi va dunyoga yuz tutishi, xalqimizning tinch-totuv, farovon hayot kechirishida asosiy qonun vazifasini bajarib kelmoqda.
     Konstitutsiyaning barcha boʼlim va moddalari mustaqil Vatanimizning milliy qadriyatlarini tiklashga, inson manfaatlarini har tomonlama himoya qilishga, milliy va diniy qadriyatlar va vijdon erkinligini taʼminlashga, oilada mustahkam muhitni taʼminlashga, Vatanimiz milliy-madaniy meroslaridan oqilona va odilona foydalanishini belgilab berishga, shuningdek, millatlar va elatlar, xalqlar oʼrtasida oʼzaro hamkorlik, bagʼrikenglik, doʼstona munosabatlarni yaxshilashga va shunga oid ezgu maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan.
     Аsosiy qonunimizda Vatanimizning mustaqilligi, hududiy yaxlitligi, Oʼzbekistonda yashayotgan barcha fuqarolarning huquq va erkinliklari, davlat, jamiyat oldidagi burch va masʼuliyati mustahkamlab qoʼyilgan.
     Qomusimizda beshta asosiy tamoyil mustahkam belgilab qoʼyilgan. Bular demokratik jamiyatning xalqaro miqyosida eʼtirof etilgan tamoyillardir. Bu tamoyillar barcha fuqarolarning teng huquqligi, fuqarolarning oʼz xohish-irodasini erkin bildirishi, davlat va jamiyatni boshqarish ishlarida qonun ustuvorligi, davlat hokimiyati organlarining saylovlar asosida shakllantirilishi, ularning saylovchilar oldida hisob berishi kabi shakllarda namoyon boʼladi.
     Konstitutsiyamizda shaxs, uning huquq va erkinliklari davlatdan ustunligi eʼtirof etilgan. Unda inson qadri, shaxs erkinligi va hayotini taʼminlovchi tabiiy imkoniyatlarni yuzaga chiqishiga alohida ahamiyat berilgan. Shuning uchun ham Konstitutsiyamizdan har qancha faxrlansak, har qancha gʼururlansak, uni har qancha oʼrganib, targʼib qilsak arziydi.
     Shuningdek, buyuk bobokalonimiz Аmir Temur aytganidek, “Qaerda qonun hukmron boʼlsa, shu yerda adolat boʼladi”. Konstitutsiyaning mohiyatini anglamay turib esa adolat qaror topishi mumkin emas. Shu bois yurtimizda yashab, faoliyat koʼrsatayotgan har bir ongli inson Oʼzbekiston Respublikasining Аsosiy Qonuni – Konstitutsiyamizning barcha moddalarini mukammal bilishi va hayotga toʼgʼri tatbiq qilmogʼi, shuningdek, oʼziga yuklatilgan burchlarini sezib, toʼlaqonli ravishda bajarishi lozim.

N.Abduraxmanova,
To`rtko`l tuman Yuridik xizmat ko`rsatish
markazi bosh yuriskonsulti