Янгиликлар
22
KORRUPSIYA JAMIYATNI YEMIRUVCHI OMIL
KORRUPSIYA JAMIYATNI YEMIRUVCHI OMIL
Mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishning umumiy strategiyasini amalga oshirish doirasida qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh qilish va bunda korrupsiya jinoyatiga qarshi kurashish yuzasidan qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Hozirda har bir rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarni barqarorlik bilan taraqqiy etishiga “Korrupsiya” illati qarshilik koʻrsatib kelmoqda. Shu boisdan ham korrupsiyaga qarshi kurashish butun dunyo mamlakatlarining dolzarb muammosi boʻlib qolmoqda.
“Korrupsiya” termini lotincha “corruptio” soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, uning etimologik ma’nosi “buzish, sotib olish” - degan ma’noni bildiradi. Ya’ni korrupsiya – siyosat va davlat boshqaruvi sohasidagi ijtimoiy xavfli hodisa, davlat funksiyalarini bajarish vakolatiga ega boʻlgan yoki ularga tenglashtirilgan shaхslarning noqonuniy tarzda moddiy va boshqa boyliklar, imtiyozlarni olishda oʻz maqomi va u bilan bogʻliq imkoniyatlardan foydalanishi, shuningdek, bu boylik va imtiyozlarni jismoniy yoki yuridik shaxslar qonunga xilof ravishda egallashiga imkon berishidir. Korrupsiya va poraxoʻrlik davlatni ich-ichidan yemirishi jahondagi ba’zi davlatlar tajribasidan yaxshi ma’lum.
• Jamiyatda ijtimoiy tengsizlikni yuzaga keltiradi;
• Aholini, xalqni olib borilayotgan islohotlarga boʻlgan ishonchini yoʻq qiladi;
• Jamiyatda mavjud ijtimoiy munosabatlarda adolatsizlikni vujudga keltiradi;
• Eng yomoni, aholi oʻrtasida turli xil noroziliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Iqtisodchi Berdxenning fikriga koʻra, makroiqtisodiy rivojlanish koʻrsatkichiga eng katta salbiy toʻlqinni olib kiruvchi omil aynan korrupsiya hisoblanadi. Uning koʻrinishlari turlicha boʻlishi mumkin.
Uning kelib chiqish sabablarini aniqlash, korrupsiyaga qarshi kurashning samarali yoʻllarini topish boʻyicha mutaxassislar, turli institutlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan yuzlab, minglab tadqiqotlar oʻtkazilgan. Oʻziga xos reytinglar tuzilib, har xil koʻrsatkich va raqamlar qayd etilgan jadvallar yaratilgan. Hatto korrupsiyaning xilma-xil koʻrinishidagi formulalari ham ishlab chiqilgan. Hanuzgacha, barcha millatlar uchun qoʻl keladigan qarshi kurashda asqotadigan yagona yechim yoʻq.
2017-yil 3-yanvar kuni “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilinib, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmi yaratildi. Uning asosiy maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.
Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni 3-moddasida asosiy tushunchalar berilgan boʻlib, unda korrupsiyaga oid huquqbuzarlik va manfaatlar toʻqnashuviga doir tushunchalarga ta’rif berilgan, ya’ni korrupsiya – shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqyeidan shaxsiy manfaatlarini, yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishidir.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalarining qoʻshma majlisidagi “Erkin va farovon, demokratik Oʻzbekiston davlatini mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” mavzuidagi ma’ruzasida “Jamiyatimizda korrupsiya, turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi kurashish, ularga yoʻl qoʻymaslik, jinoyatga jazo, albatta, muqarrar ekani toʻgʻrisidagi qonun talablarini amalda ta’minlash boʻyicha qat’iy choralar koʻrishimiz zarur”, deb bejiz ta’kidlamadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek, «Huquqiy madaniyat darajasi faqatgina qonunlarni bilish, huquqiy ma’lumotlardan xabardor boʻlishdangina iborat emas. U – qonunlarga amal qilish va ularga boʻysunish madaniyati demakdir. U – odil sudni hurmat qilish, oʻz haq-huquqlarini himoya qilish uchun sudga murojaat etish ehtiyoji demakdir. Huquqiy madaniyat degani – turli mojarolarni hal qilishda qonunga xilof kuchlardan foydalanishni rad etish demakdir».
Darhaqiqat, korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish, ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy ta’lim va tarbiya masalalari Qonunning 16, 17, 18-moddalarida oʻz ifodasini topgan. Chunki huquqiy ong va huquqiy madaniyati yuksak boʻlgan va huquqiy ta’lim va tarbiya jihatdan yetuk boʻlgan insonlar salbiy illat boʻlmish korrupsiyaga yoʻl qoʻymaydilar.
O'zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risidagi Qonun (O'RQ–729-son, 18.11.2021 y.) Prezident tomonidan imzolandi.
Kiritilgan qo'shimchalarga ko'ra, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilishini o'rganish va tahlil qilish uchun jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirishga, hujjatlar bilan tanishishga haqli ekanligi belgilandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan har yili korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risidagi milliy ma'ruzani Oliy Majlisga taqdim etadi.
Endilikda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to'g'risida axborot berayotgan shaxslarning qarindoshlari ham davlat himoyasida bo'ladi (ilgari faqat xabar bergan shaxslar nazarda tutilgan.)
Allabergenov Davranbek Allabergenovich,
Toʻrtkoʻl tumani Yuridik xizmat koʻrsatish markazi bosh yuriskonsulti