Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

30

Xizmat safari xarajatlarini notoʻgʻri hisoblash oqibati


Xizmat safari xarajatlarini notoʻgʻri hisoblash oqibati

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13 apreldagi “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5415-son Farmonining 3-bandiga koʻra inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, oʻz vakolatlari doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish tuman (shahar) adliya boʻlimlarining asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan.
Mazkur vazifa doirasida Beruniy tumani adliya boʻlimi tomonidan fuqaro M.M. ning xizmat safari uchun toʻlanishi kerak boʻlgan toʻlovning Beruniy tumani tibbiyot birlashmasi tomonidan kam hisoblanganligidan noroziligi toʻgʻrisidagi murojaati oʻrganib chiqilib, quyidagilar aniqlandi.
Xodim M.M. tibbiyot birlashmasi boshligʻining tegishli buyrugʻiga asosan 25 kun muddatga xizmat safariga yuborilganligi, xodim tomonidan birlashmaga uning 25 kun davomida xizmat safarida boʻlganligi boʻyicha xizmat safari guvohnomasi, yoʻl kira miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinganligi, unga asosan birlashma xodimga xizmat safariga borish va kelishga sarflangan yoʻl kirasi uchun 30 000 soʻm, kunlik xarajatlari uchun 557 500 soʻm jami 587 500 soʻm notoʻgʻri hisoblanib, u ham ikki oyga kechiktirilib toʻlab berilganligi aniqlandi.
Bunda, birlashma tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 31-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining «2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining davlat budjeti toʻgʻrisida»gi qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4938-son qaroriga asosan 2021-yil 01-fevraldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida bazaviy hisoblash miqdori 245 000 soʻm etib belgilanganligi e’tiborga olinmasdan, oldingi bazaviy hisoblash miqdori ya’ni 223 000 soʻmdan hisoblanganligi ma’lum boʻldi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining  171-moddasida xizmat safarida va koʻchib yurish bilan bogʻliq ishlarda yoʻl kira xarajatlari, doimiy turar joyidan boshqa joyda yashash, shu jumladan uy-joy ijarasi bilan bogʻliq xarajatlar, xodim tomonidan ish beruvchining ruxsati yoki roziligi bilan qilingan boshqa xarajatlar toʻlanishi lozimligi belgilangan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi xizmat safarlari toʻgʻrisida Yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 1268, 29.08.2003-y.) ning 9-bandiga asosan xizmat safariga yuborilgan xodimga turar joy ijarasi, xizmat safari joyiga borish va ish joyiga qaytish xarajatlari qoplanadi, shuningdek kundalik xarajatlar toʻlanadi.
Lekin, xizmat safariga yuborilgan xodim M.M.ga birlashma tomonidan turar joy ijarasi xarajatlari hisoblanmasdan, faqat xizmat safari joyiga borish va ish joyiga qaytish xarajatlari hamda kundalik xarajatlari hisoblanib toʻlab berilgan.
Yoʻriqnomaning 11-bandida xizmat safarida va yoʻlda boʻlgan vaqt uchun kundalik xarajatlar xizmat safariga yuborilgan ishlarga jamoa shartnomalari, jamoa kelishuvlari va mehnat shartnomalarida koʻzda tutilgan miqdorlarda, lekin quyidagi miqdorlardan kam boʻlmagan holda belgilanadi (respublika boʻyicha oʻrnatilgan bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan koeffitsiyentlarda):
Toshkent shahrida, shaharlar — viloyatlar markazlarida — 0,1;
boshqa shaharlar va aholi yashaydigan punktlarda — 0,08.
Ushbu koʻrsatilgan xarajatlarni qoplash haqiqatda qilingan xarajatlarni hujjatlar bilan tasdiqlashsiz amalga oshiriladi.
12-bandida esa turar joyni ijaraga olganlik boʻyicha xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlmagan hollarda, har bir sutka uchun belgilangan bazaviy hisoblash miqdorini 20 foizi miqdorida qoplanadi, deb belgilangan.
Yoʻriqnomaning 15-bandida xizmat safariga yuboriladigan xodimga xizmat safariga ketishdan oldin mazkur Yoʻriqnomani 10-12-bandlarida koʻzda tutilgan miqdorlarda kundalik, yoʻl xarajatlari, turar joyni ijaraga olish xarajatlari chegarasida pul koʻrinishidagi avans (boʻnak) toʻlanadi, deb belgilangan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, tuman adliya boʻlimi tomonidan Beruniy tumani tibbiyot birlashmasiga qonun buzilishi holatlarini bartaraf qilish yuzasidan taqdimnoma kiritilishi natijasida, fuqaro M.M.ga 1 280 000 soʻm miqdorda xizmat safari xarajati puli toʻlanishi ta’minlandi va xato-kamchilikka yoʻl qoʻygan mas’ul xodimga nisbatan “xayfsan” intizomiy jazo chorasi qoʻllanildi hamda adliya boʻlimining tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markaziga bergan ma’muriy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi taklifiga koʻra, birlashma boshligʻi Oʻzbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik kodeksining 49-moddasi 1-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarimaga tortildi.
Saltanat Raimbekova,
Beruniy tumani adliya boʻlimi boshligʻi