Янгиликлар
30
Korruptsiyaga qarshi kurashish-davr talabi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev xalqimiz azaldan yuksak qadrlab keladigan, hamma narsadan ustun qo'yadigan adolat tuyg'usini hayotimizda yanada keng qaror toptirish birinchi darajali vazifa ekaniga alohida e'tibor qaratmoqda. Jamiyatimizda korruptsiya, turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi kurashish, ularga yo'l qo'ymaslik, jinoyatga jazo albatta muqarrar ekani to'g'risidagi qonun talablarini amalda ta'minlash bo'yicha qat'iy choralar ko'rish zarurligi ta'kidlanmoqda.
2017 yil 3 yanvarda “Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risida” O'zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi. 34 moddadan iborat ushbu hujjatda korruptsiya atamasiga ta'rifdan tortib, unga qarshi kurashish, vakolatli organlar va ularning vazifalari, korruptsiyaga qarshi javobgarlik, bu masalada xalqaro hamkorlik kabi barcha muhim jihatlar qayd etilgan.
Milliy qonunchiligimizda, jumladan, O'zbekiston Respublikasining “Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi Qonuni 3-moddasida, korruptsiyaga quyidagicha ta'rif berilgan.
"Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risida"gi qonunda bizning bu boradagi huquqlarimiz kafolatlangan. Qonunga ko'ra, jismoniy va yuridik shaxslarning korruptsiyaga oid huquqbuzarlik faktlariga doir murojaatlari to'liq, xolisona va o'z vaqtida ko'rib chiqiladi. Korruptsiyaga oid huquqbuzarliklar to'g'risida axborot bergan shaxslarning himoya qilinishi ta'minlanadi.
Davlatimiz rahbarining "Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori asosida "2017-2018 yillarga mo'ljallangan korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha davlat dasturi" tasdiqlandi. Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi tuzildi.
Mazkur komissiya korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarining va boshqa dasturlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etadi. Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi va hamkorligini ta'minlaydi. Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga doir chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etadi. Korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olishga, ularni aniqlashga, ularga chek qo'yishga, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar samaradorligi oshirilishini ta'minlaydi.
Komissiya korruptsiyaning holati va tendentsiyalari to'g'risidagi axborotni yig'adi va tahlil etadi. Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi. Ushbu sohadagi mavjud tashkiliy-amaliy va huquqiy mexanizmlarning samaradorligini baholash, korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va ushbu sohadagi ishlarni yaxshilash yuzasidan takliflar tayyorlaydi. Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha hududiy idoralararo komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish ishlarini amalga oshiradi.
Bu vazifalar tegishli idoralar va mas'ul shaxslar tomonidan izchil ta'minlanadi. Zero, Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasining o'z vakolatiga kiradigan masalalar bo'yicha qarorlari barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar tomonidan ijro etilishi majburiydir.
Xalqimizning tom ma'nodagi adolat qaror topgan jamiyatda yashashi uchun nafaqat mas'ul shaxslar, balki har bir fuqaro o'z hissasini qo'shishi zarur. Bu fuqarolarimizda korruptsiyaga, aniqroq aytganda, har qanday qonunbuzarlikka nisbatan murosasizlik kayfiyati, madaniyati shakllanishiga ham bog'liq. Сhunki har qanday qonunbuzarliklar sodir etilishiga, ko'payishiga ko'p hollarda o'zimizning befarqligimiz, loqaydligimiz sabab bo'lib kelmoqda. Barchaning yakdilligi, yurt taqdiriga daxldorligi kuchayishi har qanday illatning batamom barham topishiga xizmat qiladi.
Qo'ng'irot tumani adliya bo'limi bosh maslahatchisi
Marat Smetullaev