Янгиликлар
30
Byurokratik to'siqlarni qisqartish bo'yicha chora-tadbirlar belgilandi
Byurokratik to'siqlarni qisqartish bo'yicha chora-tadbirlar belgilandi
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 mart kungi «Aholi va tadbirkorlik sub'ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to'siqlarni qisqartirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi 6191-son Farmoniga muvofiq 2021 yil 1 iyundan boshlab:
fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro'yxatdan o'tgan joyidan qat'i nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko'rikdan o'tkazish va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi;
notarial harakatlarni amalga oshirishda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari bilan bog'liq barcha ma'lumotlar notarial idoralar tomonidan mustaqil ravishda, fuqarolardan ortiqcha ma'lumot talab qilmasdan, «FHDYoning yagona elektron arxivi» axborot tizimi orqali olinadi;
tadbirkorlik sub'ekti bo'lgan yuridik shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanish uchun belgilangan yig'im va davlat boji to'lovlarini to'lashda ularning vakili tomonidan naqd pul shaklida to'lovni amalga oshirishga ruxsat beriladi;
quyidagilar soddalashtirilgan tartibda Davlat xizmatlari agentligining (keyingi o'rinlarda – Agentlik) byudjetdan tashqari jamg'armasi mablag'lari hisobidan bir ish kuni ichida qaytariladi:
- davlat xizmatlari markazlari orqali xizmatlardan foydalanishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ortiqcha to'langan to'lovlar;
- davlat xizmatini tezlashtirilgan tartibda ko'rsatish uchun qo'shimcha to'langan yig'imlar summasi (tezlashtirilgan tartibda ko'rsatilmagan taqdirda);
quyidagilar:
- xorijiy tijorat tashkilotlarining O'zbekiston hududidagi vakolatxona xodimini akkreditatsiya qilishda unda odamning immunitet tanqisligi virusi kasalligi yo'qligi to'g'risidagi sertifikatni talab qilish amaliyoti bekor qilinadi;
- davlat xizmatini ko'rsatish natijasida beriladigan hujjatlar QR-kod (matrik shtrixli kod) qo'yish orqali berilganda ularning dublikatlarini berish tartibi bekor qilinadi. Bunda, ushbu hujjatlar elektron shaklda YaIDXP orqali cheklanmagan miqdorda bepul olinadi;
- fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan davlat statistika organlariga dalolatnoma yozuvlarining nusxalarini yuborish va hisobotlarni topshirish amaliyoti bekor qilinadi;
huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tadbirkorlik sub'ektlari to'g'risidagi ma'lumotlarni Agentlik va davlat xizmatlari markazlaridan so'rash to'xtatiladi.
Shuningdek 2021 yil 1 iyundan boshlab davlat organlari, xo'jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlik sub'ektlaridan:
quyidagi faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi:
-ruhiy kasalliklar bo'yicha dispanser va narkologiya bo'yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
-sudlanganlik, fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy, soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi;
-manzil-ma'lumot axboroti;
-turar joyning maydoni;
-soliq to'lovchi jismoniy shaxslarning davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo'yilganligi;
-pensiya va nafaqa miqdori;
-pensiya va nafaqa oluvchilar ro'yxatida mavjud yoki mavjud emasligi;
-nikoh qayd etilganligi, nikohda turmasligi yoki nikohdan ajralganligi.
quyidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi:
-shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi;
-shaxsning belgilangan shakldagi fotosurati;
-tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining ma'lumotnomalari;
-mehnat daftarchalari va ularning nusxalari (fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida ushbu hujjatni «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali olish imkoniyati mavjud bo'lmagan hollarda so'rash bundan mustasno);
-ish haqi va ish stajini, oliy va o'rta maxsus ta'lim muassasasida o'qiganlikni tasdiqlovchi arxiv ma'lumotnomalari (fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida ushbu hujjatni «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy---apparat kompleksi orqali olish imkoniyati mavjud bo'lmagan hollarda so'rash bundan mustasno);
-kadastr hujjatlari va ularning nusxalarini.
Bunda, davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini ko'rsatishda, ishga qabul qilish jarayonida va boshqa ma'muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda mazkur bandda nazarda tutilgan hujjat va ma'lumotlarni mas'ul davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan «Elektron hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so'rab oladi. Hujjat yoki ma'lumotlarning talab qilinishi davlat xizmatlari ko'rsatish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzish deb hisoblanadi.
2021 yil 1 maydan boshlab xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun ariza-anketani va davlat boji to'lovini elektron tarzda YaIDXP orqali qabul qilish imkoni yaratiladi.
2021 yil 1 iyundan boshlab 16 yoshga to'lgan shaxslarga identifikatsiya ID-kartalari berish ularni davlat soliq xizmati organlarida soliq to'lovchi sifatida hisobga qo'yish hamda fuqaroni jamg'arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo'yish bilan bir vaqtning o'zida amalga oshirish tizimi joriy etiladi.
2021 yil 1 iyuldan boshlab soliq organlarida soliq to'lovchilarning hisobini jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamidan foydalangan holda yuritishga o'tiladi, bunda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR) barcha davlat, bank, ijtimoiy va boshqa xizmatlarni ko'rsatishda fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi yagona identifikator hisoblanadi. Soliq to'lovchining identifikatsiya raqamini berish va fuqaroni jamg'arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo'yish bo'yicha davlat xizmatlarini ko'rsatish bekor qilinadi.
Quyidagilar tasdiqlandi:
Ayrim turdagi ma'lumotlar va elektron ko'rinishdagi hujjatlarni «Elektron hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan foydalangan holda berish uchun mas'ul bo'lgan davlat organlari va tashkilotlari ro'yxati;
2021 yil 1 maydan fuqarolar va tadbirkorlik sub'ektlarining xohishiga ko'ra ko'rsatilgan davlat xizmatining natijasi pochta aloqasi orqali yetkaziladigan davlat xizmatlari ro'yxati;
Ayrim turdagi davlat xizmatlarini ko'rsatish tartib-taomillarini soddalashtirish va optimallashtirish bo'yicha «Yo'l xaritasi».
B.Seytnazarov
Nukus shahar adliya bo'limi
etakchi maslahatchisi