Янгиликлар
25
2020-2023 yillarda Qoraqalpog'iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlari nimalardan iborat?
2020-2023 yillarda Qoraqalpog'iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlari nimalardan iborat?
2020 yil 11 noyabr kuni “2020-2023 yillarda Qoraqalpog'iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida” O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori qabul qilindi.
Qoraqalpog'iston Respublikasining mavjud ijtimoiy-iqtisodiy, shu jumladan ishlab chiqarish va investitsiya salohiyatidan samarali foydalanish, hududda muhandislik-kommunikatsiya, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini yaxshilash, iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror rivojlantirish, shu asosda aholi bandligini ta'minlash va turmush darajasini oshirish maqsadida ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Xo'sh bu yo'nalishlarda nimalar nazarda tutilgan?
Muhandislik-kommunikatsiya va yo'l-transport infratuzilmasini rivojlantirish sohasida:
141 ming nafardan ziyod aholini markazlashgan ichimlik suvi ta'minoti tarmog'iga ulash va aholining markazlashgan tarmoqlar orqali toza ichimlik suvi bilan ta'minlanganlik darajasini 61,5 foizdan 70,1 foizga yetkazish;
Nukus shahri, Taxiatosh va Xo'jayli tumanlari markazlarida 105 ming nafardan ziyod aholi xonadonlarini oqova suv tarmoqlariga ulash va ularning oqova suv xizmatlari bilan ta'minlash darajasini 14,1 foizdan 20,2 foizga yetkazish;
Nukus shahri va Taxiatosh tumanida ko'p kvartirali uy-joylarning ichki issiqlik ta'minoti tizimlarini to'liq rekonstruktsiya qilish;
9 ta aholi punktida tabiiy gaz tarmoqlarini mukammal ta'mirlash va 246 ta aholi punktini maishiy gaz ballonlari bilan uzluksiz ta'minlash;
442 ta transformator punktini va 1 023,8 km elektr uzatish tarmoqlarini qurish hamda rekonstruktsiya qilish va elektr energiyasi iste'moli quvvatini 1,5 mlrd kVt/soatdan 2,1 mlrd kVt/soatga oshirish;
444,7 km xalqaro va respublika ahamiyatiga molik hamda 408,1 km mahalliy va ichki avtomobil' yo'llarini yangidan qurish va rekonstruktsiya qilish;
290 ta aholi yashash punktiga optik tolali tarmoqlarni tortish, 150 ta yangi bazaviy stantsiya qurish va 200 tasini modernizatsiya qilish, har bir aholi punktini 10 Mb/soatdan kam bo'lmagan tezlikdagi Internet tarmog'iga ulash;
90,9 ming gektar qishloq xo'jaligi yer maydonlarining suv ta'minotini, 208 ming gektar maydonning meliorativ holatini yaxshilash va 45 ming gektar ekin yerlarida suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish.
Ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish sohasida:
21 ta davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti, 400 ta oilaviy maktabgacha ta'lim tashkiloti binolarini qurish, 55 tasini rekonstruktsiya qilish va mukammal ta'mirlash, 20 ta maktabgacha ta'lim tashkilotini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish;
7 ta umumiy o'rta ta'lim maktabini qurish, 101 ta maktabni rekonstruktsiya qilish va mukammal ta'mirlash, shu asosda umumiy o'rta ta'lim maktablarida o'quvchi o'rni koeffitsienti 1,1 foizdan oshib ketmasligini ta'minlash;
32 ta tibbiyot muassasasini qurish, rekonstruktsiya qilish hamda xususiy tibbiyot tashkilotlarini tashkil etish, shu asosda tibbiyot muassasalarining qabul qilish quvvatini 20,4 mingga, o'rinlar sonini 7,1 mingga yetkazish;
21 ta madaniyat ob'ektlarini qurish va rekonstruktsiya qilish, shu asosda aholiga madaniy xizmat ko'rsatish sifatini yaxshilash, ularning madaniy ehtiyojlarini qondirish va bo'sh vaqtining mazmunli o'tishini ta'minlash;
181 ta maktabni «Bir million dasturchi» loyihasiga kiritish va 3 mingdan ortiq yoshlarni komp'yuter dasturlash asoslariga o'rgatish orqali raqamli texnologiyalar yo'nalishida yetuk mutaxassislarni tayyorlash, ularga kerakli bilim va ko'nikmalarni berish;
39 ta sport ob'ektini qurish, rekonstruktsiya qilish, qo'shimcha 83 ming nafar aholi va yoshlarning sport bilan shug'ullanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, shu asosda yoshlar o'rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishdan iborat.
Shuningdek. 7 004 ta xonadonli 235 ta zamonaviy ko'p kvartirali turar joy majmuasini barpo etish, shuningdek, yosh oilalar va kam ta'minlangan aholi uchun 2 084 ta xonadonli 36 ta arzon uy-joy qurilishini tashkil etish orqali ularning uy-joy sharoitini yaxshilash nazarda tutilgan.
Investitsiyalarni faol jalb qilish va hududning eksport salohiyatini rivojlantirish sohasida:
2020 — 2022 yillarda hududiy investitsiya loyihalari doirasida umumiy qiymati 12,3 trln so'mlik 1 359 ta loyihani ishga tushirish va 17,5 mingta yangi ish o'rinlarini yaratish, shuningdek, 523 mln dollar miqdoridagi to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni o'zlashtirish;
xalqaro moliya institutlarining 1 mlrd dollar miqdoridagi mablag'larini muhim infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga yo'naltirish;
yillik eksport hajmini 347 mln dollarga, eksport qiluvchi korxonalar sonini 250 taga, eksport geografiyasini 45 ta mamlakatga yetkazish hamda eksportga yo'naltiriladigan mahsulotlar turini 30 tadan oshirish;
erkin iqtisodiy zonalarda qiymati 21,2 mln dollarga teng bo'lgan 9 ta loyihani, kichik sanoat zonalarida qiymati 28 mln dollarga teng bo'lgan 81 ta loyihani ishga tushirishdan iborat.
Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish bo'yicha yangi quvvatlarni tashkil etish, jumladan 9 ta yangi sanoat mahsuloti ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish, 27 ta sanoat klasterini tashkil etish, sanoati past darajada rivojlangan Taxtako'pir, Bo'zatov va Shumanay tumanlarida kamida 50 ta yangi sanoat korxonasini ishga tushirish belgilandi.
Qishloq xo'jaligini rivojlantirish, shu jumladan chorvachilik, baliqchilik, sholichilik va kunjut yetishtirish hamda qayta ishlash klasterlarini tashkil qilish sohasida:
12 ming gektar yer maydonida paxta yetishtirishni bekor qilish;
foydalanishdan chiqqan 35 860 gektar yer maydonlarini o'zlashtirish;
qishloq xo'jaligi foydalanishiga qayta kiritiladigan 875 gektar yer maydonlarida issiqxonalar tashkil qilish;
muzlatkichli omborxonalar quvvatini 40,8 ming tonnaga oshirish;
qishloq xo'jaligi texnikalari sonini 1,4 mingtagacha oshirish;
naslli qoramollar sonini qo'shimcha 30 ming boshga oshirish;
30 ming gektar yer maydonlarida kunjut yetishtirish va mahsulotni to'liq eksportga yo'naltirish;
baliq yetishtirish hajmini ikki baravarga oshirish hisobiga baliq mahsulotlarini 2021 yilda 35 ming tonnaga, 2022 yilda 50 ming tonnaga yetkazish.
Har yili kamida 900 — 950 ta yangi xizmat ko'rsatish ob'ektini tashkil etishni qo'llab-quvvatlash orqali xizmat ko'rsatish hajmini kamida 2,5 baravarga oshirish nazarda tutilgan.
Xorijiy turistlar sonini 80 ming nafarga, turizm xizmatlari eksportini 45 mln dollarga yetkazish, shuningdek, ichki turistlar sonini 800 ming nafargacha oshirish, 210 o'rinli yangi mehmonxonalar qurish hamda turoperator va turagentlar sonini 45 taga yetkazish lozim.
Sharoiti og'ir bo'lgan 45 ta mahalla va ovulda aholining turmush sharoitini yaxshilash va hududlarni obodonlashtirish hisobiga ularni og'ir toifadan chiqarish hamda mahallaning o'rni va rolini kuchaytirish, jumladan 12 ta tuman markazida «Mahalla markazlari» majmualarini qurish va rekonstruktsiya qilish, 157 ta mahalla va ovul ma'muriy komplekslarini qurish, 19,7 ming nafar fuqarolarni ish bilan ta'minlash va 6 ming nafar fuqarolarni kasb-hunarga o'rgatish orqali «Temir daftar»ga kiritilgan 15,5 mingta oila daromadlarini oshirish hamda ularning hududdagi jami oilalardagi ulushi 4 foizdan oshmasligini ta'minlash asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.
Yoshlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, jumladan «Yoshlar daftari»ga kiritilgan 14 ming nafar yoshlarni ish bilan ta'minlash, 1,6 ming nafar yoshlarni kasb-hunarga o'rgatish, «Fidoyi yoshlar otryadlari»ni tashkil qilish orqali 8 ming nafar ishsiz yoshlarni haq to'lanadigan jamoat va mavsumiy ishlarga jalb qilish, 3 ta yosh tadbirkorlar kovorking markazi, 7 ta «Yoshlar mehnat guzari» kompleksini barpo etish, ayollarning jamiyatdagi rolini kuchaytirish, ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, jumladan ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va «Ayollar daftari»ga kiritilgan 8,4 ming nafar xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash, mehnat bozoriga yangi kirib kelayotgan fuqarolar bandligini ta'minlash maqsadida mehnat migratsiyasidan qaytgan 9 ming nafar fuqarolarni ish bilan ta'minlash hamda fuqarolarni xorijga mehnat qilish faoliyatiga yuborish uchun ularni talab qilinadigan mutaxassisliklarga o'qitish belgilangan.