Янгиликлар
28
Mehnat migrantlari kasb-hunarga o'qitiladi va moliyaviy yordam ko'rsatiladi
Mehnat migrantlari kasb-hunarga o'qitiladi va moliyaviy yordam ko'rsatiladi
Tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi vakolatli organlarning faoliyatini takomillashtirish, xorijda ishlamoqchi bo'lgan shaxslarni talab yuqori bo'lgan kasblarga o'qitish, fuqarolarning chet elda bo'lish davrida huquqlarini himoya qilish, qaytib kelgan mehnat migrantlarining bandligini ta'minlash, shuningdek, ularning oila a'zolarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash maqsadida, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 15 sentyabr' kungi «Xavfsiz, tartibli va qonuniy Mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to'g'risida»gi PQ-4829-sonli Qarori qabul qilingan. Hujjatga muvofiq 2021 yil 1 yanvardan boshlab:
birinchidan, xorijga chiqib ketayotgan shaxslar ishga yuborilishidan oldin kasb-hunarga o'qitiladi. Xorijiy ish beruvchining malaka talablariga javob beradigan shaxslar bundan mustasno. Kasb-hunarga o'qitish davlat va nodavlat ta'lim tashkilotlarida amalga oshiriladi.
Eslatib o'tamiz, mehnat migratsiyasiga chiqib ketayotgan shaxslarni kasb-hunar va chet tillariga o'qitish uchun mahallalarda «Ishga marhamat» monomarkazlari, kasb-hunarga o'qitish markazlari tashkil etilmoqda. Hududlarda qo'shimcha ravishda kollej va texnikumlarning binolarida qisqa muddatli kasb-hunarga o'qitish kurslari ochiladi. Ularning o'quv dasturlari xorijiy yirik ish beruvchilarning talablariga moslashtiriladi. Xorijiy ish beruvchilar va xususiy bandlik agentliklari bilan ular uchun zarur bo'lgan kasblar bo'yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida uzviy aloqalar o'rnatiladi.
Keyingi yil boshida xorijiy hamkorlar bilan birgalikda Toshkent shahridagi «Ishga marhamat» monomarkazida yapon tili va kasbiy malaka test markazi, Farg'onada payvandchilar maktabi, Gulistonda xizmat sohasida faoliyat ko'rsatadigan ishchilarni tayyorlash o'quv markazi tashkil etiladi. Namangan viloyatida esa «IT School» o'quv markazlari hamda chet tillariga o'qitish va xizmat sohasi bo'yicha kasblarga tayyorlash o'quv markazlari tashkil etiladi.
ikkinchidan, tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo'li bilan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketayotgan, Ijtimoiy himoya yagona reestrida ro'yxatdan o'tkazilgan kam ta'minlangan oila a'zolariga quyidagi shartlarda mikroqarzlar beriladi:
10 mln so'mgacha miqdorda;
1 yil muddatga;
mikroqarzlar xorijda ishga joylashish, shu jumladan yo'l haqini to'lash va mehnat faoliyatiga ruxsat olish bilan bog'liq xarajatlarni qoplash uchun;
mikroqarz foiz stavkasining MB asosiy stavkasidan oshadigan, lekin asosiy stavkaning 1,5 baravaridan ko'p bo'lmagan qismi Bandlikka ko'maklashish davlat jamg'armasi mablag'lari hisobidan kompensatsiya qilinadi;
mikroqarz hamda unga hisoblangan foizlar qarz oluvchining yoki oila a'zolarining topshirig'iga muvofiq ularning hisobvaraqlariga xalqaro pul o'tkazmalari tizimlari orqali kelib tushgan mablag'lardan ushlab qolish yo'li bilan hamda qonun hujjatlarida ko'rsatilgan boshqa usullarda to'lanishi mumkin;
uchinchidan, mehnat migrantlariga o'zini o'zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan soliqlarni to'lash hamda pensiya miqdorini hisoblash tartibi qo'llaniladi (8.06.2020 yildagi PQ-4742-son qaror 3-b., 3-xatboshisi; 10-b. 2-xatboshisi);
to'rtinchidan, Ijtimoiy himoya yagona reestrida ro'yxatdan o'tkazilgan, xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirib, qaytib kelgan kam ta'minlangan oila a'zolariga:
a) Bandlikka ko'maklashish davlat jamg'armasi mablag'lari hisobidan quyidagi xarajatlarni qoplash uchun 10 BHMgacha miqdorda subsidiya to'lanadi:
yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro'yxatdan o'tgan yoki kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat ro'yxatidan o'tkazgan vaqtdan boshlab birinchi 3 oy davomida ijaraga olingan bino va inshootlarning ijara haqini to'lash;
tadbirkorlik asoslari va moliyaviy savodxonlikka o'qish;
kredit olishda ta'minot sifatida taqdim etiladigan sug'urta polisi bo'yicha to'lovlarni amalga oshirish;
b) Tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash davlat jamg'armasi mablag'lari hisobidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ajratilgan kreditlar bo'yicha kredit foizi stavkasining MB asosiy stavkasidan oshadigan, lekin asosiy stavkaning 1,5 baravaridan ko'p bo'lmagan qismi kompensatsiya qilinadi.
Сhet davlatlarda murakkab moliyaviy ahvolga tushgan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, mablag'larsiz qolgan fuqarolarga to'lanadigan bir martalik moddiy yordam miqdori 1 BHMdan 2 BHMgacha oshiriladi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va hokimliklarning mehnat migratsiyasi sohasidagi faoliyati qoniqarsiz deb e'tirof etildi.
Shu munosabat bilan Tashqi mehnat migratsiya agentligining hududiy filiallari yangi tartibda faoliyat yuritadi. Hokimlar hududiy filiallarga umumiy rahbarlik qiladi, Agentlik hududiy filiallarga metodik yordam ko'rsatadi, ma'lumot beradi, xodimlarini rag'batlantiradi va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga ko'maklashadi. Filiallarning vakolatlari kengaytirildi. Tuman va shahar sektor rahbarlari, mahalla raislari va mehnat inspektorlari xorijga ishlash uchun ketgan fuqarolar oila a'zolarining holidan muntazam xabar olib turadi.
R.Kurbanov
Taxtako'pir tuman adliya bo'limi
bosh maslahatchisi