Янгиликлар
12
Yuridik fakt tasdiqlandi
Yuridik fakt tasdiqlandi
Nukus shahar adliya bo'limi tomonidan fuqaro I.B.ning Byudjetdan tashqari Pensiya jamg'armasi Nukus shahar bo'limi tomonidan pensiya hisoblashda ish stajini to'liq qo'shmaganligiga norozi bo'lib yo'llagan murojaati o'rganib chiqildi.
Aniqlanishicha, fuqaro I.Bning Pensiya jamg'armasiga taqdim qilingan arxiv ma'lumotida 1984-1985 yillardagi ish haqi kitobida I.P. deb ko'rsatilgan bo'lib (P.otasining ismi), shu vaqtda ishlagan hisobchi tomonidan noto'g'ri ma'lumotlar kiritilgan.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 sentyabrdagi 252-son qarori bilan tasdiqlangan «Davlat pensiyalarini tayinlash va to'lash tartibi to'g'risida»gi Nizomning 80-bandida, agar ish stajini tasdiqlaydigan hujjatda ko'rsatilgan ismi, otasining ismi yoki familiyasi pasport yoki tug'ilganlik to'g'risidagi guvohnoma bo'yicha ismi, otasining ismi yoki familiyasi bilan mos bo'lmasa ushbu hujjatning mazkur shaxsga tegishliligi holati faqat mehnat daftarchasini yoki ish staji to'g'risidagi boshqa hujjatni birinchi marotaba bergan tashkilot tomonidan tasdiqlanishi mumkinligi, boshqa barcha hollarda hujjatlarning taalluqliligi sud tomonidan belgilanishi shartligi ko'rsatilgan.
Shu bois Nukus shahar adliya bo'limi tomonidan fuqaro I.Bning manfaatini ko'zlab, arxiv tomonidan taqdim qilingan 1984-1985 yillardagi arxiv ma'lumotlarning fuqaro I.B.ga tegishliligi faktini tasdiqlash yuzasidan Fuqarolik ishlari bo'yicha Nukus tumanlararo sudiga ariza kiritildi va ariza sud tomonidan qanoatlantirilib, hujjatlarning I.B.ga taalluqliligi tasdiqlandi.
Baxram Seytnazarov
Nukus shahar adliya bo'limi
etakchi maslahatchisi