Янгиликлар
23
Korrupsiyaga qarshi kurashni birgalikda amalga oshirish zarur
Qonunchilikka koʻra, korrupsiyaga qarshi kurashish qonuniylik, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik, tizimlilik, davlat va fuqarolik jamiyatining hamkorligi, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar ustuvorligi, javobgarlikning muqarrarligi prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
Korrupsiya bu shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeyidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish hisoblanadi.
Korrupsiya alomatlariga ega bo‘lgan, sodir etilganligi uchun qonun hujjatlarida javobgarlik nazarda tutilgan qilmish bu korrupsiyaga oid huquqbuzarlikdir.
Qonunda Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari etib belgilangan bo’lib, ularning ushbu sohadagi vakolatlari ko’rsatib o’tilgan.
Shuningdek, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish va korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirish maqsadida 2020 yil 31 dekabr kuni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 829-son qarori qabul qilingan bo’lib, mazkur qaror bilan “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko’ra, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslar bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi. Bunda quyidagi asoslar mavjud bo’lishi kerak:
fuqarolar yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan o‘zlariga nisbatan pora talab qilgan shaxs haqida yoki o‘zlariga ma’lum bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarga bergan xabari asosida bunday huquqbuzarlik fosh etilishi;
nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining yoxud davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisi o‘ziga nisbatan pora berishni taklif etgan yoki pora talab qilgan shaxs haqida yoxud o‘ziga ma’lum bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarga (korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarning xodimlari esa bevosita o‘z rahbariga) bergan xabari asosida huquqbuzarlik fosh etilishi;
korrupsiyaga oid jinoyatni sodir etganligi uchun qidiruvda bo‘lgan shaxs to‘g‘risida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga berilgan xabar asosida qidiruvdagi shaxs ushlanishi.
Bir martalik pul mukofotining miqdorlari quyidagicha belgilangan:
1. Korrupsiyaga oid ma’muriy huquqbuzarlik haqida berilgan xabar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari (735 000 so’m) miqdorida;
2. Pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha (7 350 000 so’mgacha) bo‘lsa;
- ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat uchun — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari ( 1 225 000 so’m) miqdorida;
- uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat uchun — bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari (1 715 000 so’m) miqdorida;
- og‘ir jinoyat uchun — bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari (2 450 000 so’m) miqdorida;
- o‘ta og‘ir jinoyat uchun — bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravari (3 675 000 so’m) miqdorida;
3. Pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan (7 350 000 so’mdan) yuz baravarigacha (24 500 000 so’mgacha) bo‘lsa:
- ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat uchun-bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari (2 450 000 so’m) miqdorida;
- uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat uchun — bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravari (3 675 000 so’m) miqdorida;
- og‘ir jinoyat uchun — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari (4 900 000 so’m) miqdorida;
- o‘ta og‘ir jinoyat uchun — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari (6 125 000 so’m) miqdorida;
4. Pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan (24 500 000 so’mdan) ko‘p bo‘lsa, quyidagi foiz hisobida hisoblanadi:
- ancha miqdor uchun — pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulk qiymatining o‘n besh foizi miqdorida;
- ko‘p yoki juda ko‘p miqdor uchun — pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulk qiymatining o‘n foizi miqdorida.
Bunda pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulk qiymatini foizlarda hisoblashda qonun hujjatlarida belgilangan miqdorning eng kam miqdoridan kelib chiqiladi;
5. Qidiruvda bo‘lgan shaxsning yashiringan joyi haqida xabar berganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari (1 225 000 so’m), ikki yoki undan ortiq qidiruvda bo‘lgan shaxslarning yashiringan joyi haqida bir vaqtda xabar berganligi uchun esa — bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari (1 715 000 so’m) miqdorida.
Bunday turdagi rag‘batlantirish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Davlatimizda o’rnatilgan ushbu tartib:
birinchidan, barcha fuqarolarni va davlat organlari xodimlarini faollikka chaqiradi;
ikkinchidan, korrupsiyaga oid jinoyatlarni aniqlash, ularni fosh etishda tegishli organlarga ko’maklashadi. Bu esa o’z navbatida korrupsiyaga qarshi kurashishda samarali natija beradi.
Xulosa qilib aytganda, korrupsiyani yo’q qilish uchun butun xalq birlashib, davlat organlari bilan jipslashib o’zaro hamkorlikda harakatlanishi kerak, aks holda korrupsiyaning uzoq yashashiga, uning gullab yashnashiga zamin yaratamiz, lekin bizga bu kerak emasligini, farzandlarimiz kelajagi, davlatimiz ravnaqi uchun barchamiz birgalikda korrupsiyaga qarshi kurash olib borishimiz kerakligini o’z vaqtida anglashimiz zarurdir.
S.Raimbekova
Beruniy tuman adliya bo’limi mas’ul xodimi.