Янгиликлар
12
Konstitutsiyada fuqarolarning burch va majburiyatlari
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ikkinchi bo'limi 11-bobi «Fuqarolarning burchlari» deb nomlanib, 47-moddasida «Barcha fuqarolar Konstitutsiyada belgilab qo'yilgan burchlarni bajaradilar, deb ko'rsatilgan shuningdek, ushbu bobning boshqa moddalarida har birimizning burchlarimiz va majburiyatlarimiz belgilab qo'yilgan. Demak, O'zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishi, boshqa fuqarolarning huquqlari, erkinliklari, sha'ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi, xalqning tarixiy, ma'naviy va madaniy merosini asrab avaylashi, atrof muhitga ehtiyotkorona munosabatta bo'lishi, shuningdek, soliqlar va mahalliy yig'imlarni to'lashi va eng asosiysi O'zbekiston Respublikasini himoya qilishi lozim.
Darhaqiqat, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan fuqarolarning huquq va burchlari o'z huquqiy tabiatiga ko'ra asosiy huquq va burchlar bo'lib xizmat qiladi. Qolgan boshqa turli xil va juda ko'p huquq va burchlar mana shu asnoda kelib chiqadi va kelajakda fuqarolarning huquqiy hayotida katta ahamiyat kasb etadi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov Oliy Majlisning birinchi chaqiriq VI-sessiyasida qilgan ma'ruzasida, demokratik islohotlarning hozirgi bosqichidagi masalalarning mohiyatiga to'xtalib, "Insonning o'z huquq va burchlarini bilishi insonning konstitutsiyaviy huquqlarining ta'minlanishini kafolatlaydi. Biz odamlardagi eski tuzum psixologiyasini o'zgartirishimiz va yangi huquqiy ongni shakllantirishimiz lozim. Inson anglasinki, erkinlik – bu burch mas’uliyatidir" deb ta'kidlaydi.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 19-moddasiga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan bo'lgan huquqlari va burchlari bilan o'zaro bog'liqdir. Konstitutsiyaga asosan demokratiya O'zbekiston Respublikasida umuminsoniy printsiplarga, ya’ni inson eng oliy qadriyat degan g'oya asosiga quriladi. Har bir fuqaro qonun oldida tengdir va boshqa fuqarolarning millati, tili, dini va e’tiqodini hurmat qilishi, shuningdek o'z huquq va erkinliklaridan foydalanganida, uning harakatlari boshqa shaxs, davlat va jamiyat manfaatlariga ziyon etkazmasligi lozim.
Shu bois, shaxs o'z huquq va erkinliklaridan qonun doirasidan chiqmagan holda foydalanishi lozim. Agarda qonundan tashqari hatti-harakat sodir etilsa, u holda, qonun tomonidan jazolanadi. Bu esa konstitutsiyaviy burchlarni bajarmasligidan kelib chiqadi.
Fuqarolarning atrof, tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo'lish majburiyati 1992 yil 9 dekabrda qabul qilingan va 1995 yil 6 mayda qo'shimchalar va o'zgartirish kiritilgan O'zbekiston Respublikasining "Tabiatni muhofaza qilish to'g'risida"gi Qonunida belgilangan bo'lib, Tabiatni muhofaza qilish va tabiat resurslaridan foydalanish, er, suv, o'rmon va atmosfera havosini saqlash, o'simlik va hayvonot dunyosi va boshqalar O'zbekiston Respublikasi qonunlari bilan muhofaza qilinadi.
Fuqarolarning soliq to'lash majburiyati O'zbekistonda fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yig'imlarni to'lashga majburiyligi va bu haqida davlatimiz tomonidan qator qonun hujjatlari chiqarilgan bo'lib, soliq to'lashdan bosh tortgan shaxslar tegishli ma'muriy va jinoiy javobgarlikka tortiladilar.
O'zbekiston Respublikasida fuqarolarning Vatanni himoya qilish burchi to'g'risida bir qancha qonun va huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Konstitutsiyaga muvofiq, O'zbekiston Respublikasini himoya qilish O'zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o'tashga majburdirlar (52-modda). Fuqarolarning harbiy va qurolli kuchlar rezevidagi xizmatini o'tashlari uchun xuquqiy asos bo'lib, "Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to'g'risida"gi yangi tahrirdagi, shuningdek “Qurolli kuchlar rezervidagi xizmat to'g'risida”gi qonunlar xizmat qiladi.
O'zbekiston Respublikasining "Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to'g'risida"gi Qonunining mazmuniga ko'ra mudofaa qilish davlatning eng muhim vazifalaridan biri bo'lib, O'zbekiston Respublikasi hududida istiqomat qiluvchi barcha fuqarolarning vazifasidir. O'zbekiston Respublikasini tashqaridan bo'ladigan qurolli tajovuzdan himoya qilish O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining konstitutsiyaviy burchidir.
Xulosa qilib aytganda, har birimiz Konstitutsiyaviy burchimizni bajarish orqali davlat tomonidan belgilangan huquq va erkinliklarimizdan to'liq foydalanamiz.
Chimboy tumani Adliya bo‘limi
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi
bosh yuriskonsulti Bekimbetov Baxıt Adilxanovich