Янгиликлар
12
Sud tizimidagi yangiliklar
Sud tizimidagi yangiliklar
Joriy yilning 12-13 yanvar' kunlari davlatimiz rahbari tomonidan sud tizimini takomillashtirishga oid bir qator Qonunlar va Farmon imzolandi.
Xususan, "Sud qarorlarini qayta ko'rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi Qonun (O'RQ–663-son, 12.01.2021 y.) Prezident tomonidan imzolandi.
Qonun bilan Iqtisodiy protsessual kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritildi. Kiritilgan o'zgartirishlarga ko'ra, ishlarni nazorat tartibida ko'rish instantsiyasi tugatildi.
Investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarning iqtisodiy sudlarga taalluqqli ekanligi belgilandi. Ishlar investitsiyaviy nizo bo'yicha yirik investorning, raqobatga oid ish bo'yicha taraflarning xohishiga ko'ra Oliy sud tomonidan ko'riladi.
Prokurorlarning barcha iqtisodiy sud majlislarida ishtirok etish huquqi bekor qilindi. Endilikda prokuror faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda yoki prokurorning da'vo arizasi bilan qo'zg'atilgan ishlardagina ishtirok etishi mumkin.
Biznes ombudsmanga hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berish huquqi berildi.
Bundan tashqari, Oliy sud sud'yasi kassatsiya shikoyati bo'yicha iqtisodiy suddan ishni talab qilib olishga haqli ekanligi belgilandi.
Nazorat instantsiyasi bekor bo'lgan bo'lsada, kassatsiya tartibida ko'rilgan ish takroran ko'rilishi mumkin.
Shu kabi, "Sud qarorlarini qayta ko'rish institutining takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi Qonun (O'RQ–665-son, 12.01.2021 y.) Prezident tomonidan imzolandi.
Qonun bilan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga o'zgartish va qo'shimchalar kiritildi.
Kiritilgan o'zgartishlarga ko'ra, ma'muriy huquqbuzarliklarga oid ishlar endilikda jinoyat ishlari bo'yicha sudlar tomonidan ko'riladi.
Endilikda fuqarolar o'z hisobidan ma'muriy bayonnomaning ko'chirma nusxasini, shuningdek sud majlisining audio- yoki videoyozuvini olishga haqli.
Ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi qaror ustidan ma'muriy bayonnomani tuzgan organ tomonidan ham shikoyat berilishi mumkin.
Ma'muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni nazorat tartibida ko'rish bekor qilinib, apellyatsiya instantsiyasi joriy etildi.
Sud hujjatining noqonuniyligi, asoslantirilmaganligi bilan bir qatorda ularning adolatsizligi ham sud hujjatini kassatsiya tartibida o'zgartirish yoki bekor qilish uchun asos bo'lishi belgilandi.
Kassatsiya instantsiyasi sudi ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ishni Oliy sud raisi, Bosh prokuror yoki ularning o'rinbosarlari kiritgan protestga ko'ra kassatsiya tartibida takroran ko'radi.
"Sud qarorlarini qayta ko'rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy sud ishlarini yuritish to'g'risidagi kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi Qonun (O'RQ–662-son, 12.01.2021 y.) Prezident tomonidan imzolandi.
Kiritilgan o'zgartishlar bilan Ma'muriy sud ishlarini yuritishda nazorat instantsiyasi tugatildi.
Biznes ombudsmanga birinchi instantsiya sudining tadbirkorlik faoliyati bilan bog'liq qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati taqdim qilish huquqi berildi. Apellyatsiya shikoyati qaror qabul qilingandan bir oy muddatda berilishi mumkinligi belgilandi (ilgari bu muddat 20 kun edi).
Apellyatsiya shikoyatini ish yuritishga qabul qilish masalasini hal etishga oid ajrim haqida ishtirok etuvchi shaxslar 3 kunda xabardor qilinadi (ilgari xabardor qilish ajrim chiqarilgan kunda amalga oshirilgan).
Kassatsiya shikoyati apellyatsiya instantsiyasi sudining qarori qabul qilinganidan 1 yilda berilishi mumkin (ilgari hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin bir oy ichida berilishi mumkin edi).
Shuningdek, manfaatdor shaxslar ishlarni kassatsiya tartibida takroran ko'rish to'g'risida protest keltirish haqidagi ariza bilan Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ularning o'rinbosarlariga murojaat qilishga haqli.
"Jinoyat ishlari bo'yicha sud qarorlarini qayta ko'rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi Qonun (O'RQ–664-son, 12.01.2021 y.) Prezident tomonidan imzolandi.
Qonun bilan Jinoyat ishlarini ham nazorat tartibida ko'rish instantsiyasi bekor qilindi.
Surishtiruvchi, tergovchi, sud majlisi kotibi ma'lum bir ishda qatnashganidan so'ng keyinchalik uni qayta ko'rib chiqish uchun surishtiruvni, dastlabki tergovni yuritishda takroran ishtirok etishi, shuningdek sud majlisi bayonnomasini yuritishi mumkin.
Endilikda sudda jinoyat ishini muhokama qilish faqat ayblanuvchilarga nisbatan va e'lon qilingan ayblov bo'yicha olib boriladi (ilgari haqiqatni aniqlash maqsadida – ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan boshqa shaxslarga nisbatan olib borilgan).
Sudlanuvchini yangi ayblov bo'yicha jinoiy javobgarlikka tortish asoslarini aniqlash endilikda sudlanuvchining, uning himoyachisining, qonuniy vakilining iltimosnomasiga ko'ra ham amalga oshiriladi (ilgari ushbu tartib faqat prokurorning yoki jabrlanuvchining, uning vakilining iltimosnomasiga ko'ra amalga oshirilgan).
"Sud qarorlarini qayta ko'rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi Qonun (O'RQ–661-son, 12.01.2021 y.) Prezident tomonidan imzolandi.
Qonun bilan Fuqarolik protsessual kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritildi.
Kiritilgan o'zgartirishlarga ko'ra, ishlarni nazorat tartibida ko'rish instantsiyasi tugatildi.
Fuqarolik ishining yakka tartibda va hay'atda kassatsiya tartibida takroran ko'rish 5 nafar sud'yadan iborat tarkibda amalga oshirilishi belgilandi.
Ishni birinchi instantsiya sudida ko'rgan sud'ya, agar sudning hal qiluv qarori apellyatsiya yoki kassatsiya instantsiyasi sudi tomonidan bekor qilingan bo'lsa, bu ishni takroran yangi ochilgan holatlar bo'yicha ishlarni ko'rish, shuningdek sirtdan ish yuritish tartibida qabul qilingan hal qiluv qarorini qayta ko'rish hollarida ko'rishi mumkin.
Shuningdek, prokuror fuqarolik ishlarida boshqa shaxslarning arizalari bilan qo'zg'atilgan ishning muhokamasida o'z tashabbusi bilan ishtirok etishi mumkin emas.
Endilikda Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil sudning hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat qilishi mumkin. Apellyatsiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarori qabul qilingan kundan e'tiboran bir oy ichida berilishi, kassatsiya shikoyati (protesti) bo'lsa apellyatsiya instantsiyasi sudining ajrimi qabul qilingan kundan e'tiboran bir yil ichida berilishi mumkinligi belgilandi.
Birinchi instantsiya sudining hal qiluv qarori, ajrimi, qarori va apellyatsiya instantsiyasi sudining ajrimi ustidan berilgan kassatsiya shikoyati (protesti) Oliy sudning Fuqarolik ishlari bo'yicha sudlov hay'ati tomonidan ko'rilishi belgilandi.
"Sud organlari faoliyatini moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident Farmoni (PF–6134-son, 13.01.2021 y.) qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, 2021 yildan boshlab Konstitutsiyaviy sud, Sud'yalar oliy kengashi, Oliy sud, quyi sudlar sud'yalari, Sud'yalar oliy maktabi va ularning apparati xodimlari, Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini ta'minlash departamenti va uning hududiy bo'limlari xodimlarining ish haqlari va qo'shimcha to'lovlari to'liqligicha Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Yuqorida qayd qilingan qonunlar va farmon Respublikamizda odil sudlvni amalga oshirishda sud'yalarning mustaqilligini ta'minlashga, jismoniy hamda yuridik shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi shubhasiz.
Zebo Bazarbaeva,
Nukus shahar adliya bo'limi bosh maslahatchisi