Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

12

Fuqaro asossiz hisoblangan soliq qarzdorligidan ozod qilindi


Fuqaro asossiz hisoblangan soliq qarzdorligidan ozod qilindi

O'zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 21-moddasida soliq to'lovchilarning huquqlari keltirilgan bo'lib, unga ko'ra soliq to'lovchi soliq organlari va boshqa vakolatli organlarning normativ tusga ega bo'lmagan hujjatlari hamda qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqliligi belgilangan.
Fuqaro Q.Sh xonadonining soliqdan qarzdorligi bo'lmasada tuman DSI tomonidan otasi A.Sh.ga nisbatan yanglish tarzda sud buyrug'i chiqartirilganligini, bugungi kunda MIB idorasi soliq qarzi va sud xarajatlarini to'lashni talab qilib bezovta qilayotganligini bildirib, ushbu holatga aniqlik kiritib berishni so'rab tuman adliya bo'limiga murojaat qiladi.

Murojaatni o'rganish davomida unda keltirilgan vajlar o'z isbotini topdi.  

Jumladan, Fuqarolik ishlari bo'yicha Amudaryo tuman sudining 2020 yil 15 dekabrdagi sud buyrug'iga asosan undiruvchi Amudaryo tuman Davlat soliq inspektsiyasi foydasiga qarzdor A.Sh.XXXdan soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar bo'yicha 1.090.117,5 so'm, pochta xarajatlari uchun 11.150 so'm hamda davlat foydasiga 223.000 so'm undirish belgilangan.

O'zbekiston Respublikasi FPKning 172-moddasiga ko'ra, sud buyrug'ini berish to'g'risidagi ariza yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron hujjat tarzida beriladi. Arizada quyidagilar ko'rsatilishi kerak:
1) ariza berilayotgan sudning nomi;
2) undiruvchining familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi), uning yashash joyi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) hamda yuridik shaxsning rekvizitlari;
3) qarzdorning familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi), uning yashash joyi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) hamda yuridik shaxsning rekvizitlari;
4) undiruvchining talabi va talabga asos bo'lgan holatlar;
5) undirilayotgan qarzdorlik vujudga kelgan davr;
5-1) to'lanmagan to'lovlar summasining hisob-kitobi va undiruv qaratilayotgan, qarzdorning majburiyatlari bajarilishining ta'minoti sifatida turgan ko'char mol-mulkning tavsifi;
6) arz qilingan talabni tasdiqlovchi, ilova qilinayotgan hujjatlarning ro'yxati.

Murojaatni o'rganish davomida aslida mazkur sud buyrug'i yangilish tarzda boshqa soliq to'lovchiga nisbatan chiqarilgani, tuman Davlat soliq inspektsiyasi tomonidan sudga taqdim qilingan hujjatlarda haqiqiy qarzdor  A.Sh.ning ota ismi va uning yashash manzili ko'rsatilmagani oqibatida sud buyrug'i va ijro varaqalari murojaat muallifi otasi nomiga kelib tushgani aniqlandi.

Mazkur xatolik tufayli murojaat egasi Q.Sh. xonadoniga jami 1.324.267 so'm asossiz qarzdorlik va sud xarajatlari hisoblangan.

Amudaryo tuman adliya bo'limi tomonidan aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan 2021 yil 23 aprelda taqdimnoma kiritildi. Kiritilgan taqdimnoma asosida Fuqarolik ishlari bo'yicha Amudaryo tuman sudining 2020 yil 15 dekabrdagi sud buyrug'i bekor qilinib, Q.Sh. xonadoniga hisoblangan jami 1.324.267 so'm asossiz qarzdorlik bekor qilindi.

Xulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, davlat idoralari mansabdor shaxslari tomonidan yo'l qo'yilgan har qanday kichik xatolik ham oqibatda yuqorida qayd qilingan holatdagi kabi fuqarolarning huquq va manfaatlari buzilishini keltirib chiqarishi mumkin. Bu esa o'z navbatida fuqarolarning turli idora va tashkilotlarga sarson-sargardon bo'lib murojaat qilishiga, soliq to'lovchilarda davlat xizmatchilari va qonun ustuvorligi tamoyiliga nisbatan ishonch hissining pasayishiga olib keladi.  
Shunday ekan, bunday salbiy holatlarning oldini olish yuzasidan barcha davlat idora va tashkilot mutassadi shaxslari o'z xizmat vazifasini bajarishda doimiy e'tiborli bo'lishi talab etiladi.


Amudaryo tuman
Adliya bo'limi boshlig'i                            M.Matyusupov