Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

08

Mehnat shartnomasini tuzishning oʼziga xos tartiblari


Mehnat shartnomasini tuzishning oʼziga xos tartiblari

Maʼlumki, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2022- yil 28-oktyabrda yangi tahrirda “Oʼzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash toʼgʼrisida”gi Qonunini imzoladi.
Mazkur  Qonunning kuchga kirish sanasi 2023- yil 30-aprelь deb belgilandi.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 581-moddadan iborat boʼlib, mehnat shartnomalarini tuzishga bagʼishlangan bir qator yangi huquqiy meʼyorlar belgilangan.
Xususan, yangi Mehnat kodeksida mehnat shartnomasiga oid 12-bobining mehnat shartnomasini tuzish deb nomlangan 2-§ paragrafi 15ta moddani tashkil etadi.
Qabul qilingan yangi Mehnat kodeksida eski kodeksdan farqli ravishda ishga qabul qilish bosqichlari (122-modda), Ishga qabul qilish chogʼidagi tanishtirish tartib-taomili (123-modda), mehnat shartnomasi shartlari boʼyicha taraflarning kelishuvga erishishi va shartnomaning imzolanishi (126-modda), ish beruvchi tomonidan xodimni ishga qabul qilish toʼgʼrisida buyruq chiqarishi hamda ishga qabul qilish haqidagi maʼlumotlarni xodimning mehnat daftarchasiga va «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritish (127-modda), xodimni haqiqatda ishga qoʼyish (128-modda) larni yangilik sifatida koʼrish mumkin.
Yangi mehnat kodeksida ishga qabul qilish chogʼida ish beruvchi ishga kirayotgan shaxsni oldindan qaysi ishni bajarish uchun ishga qabul qilinayotgan boʼlsa, oʼsha ishning mazmuni, mehnat shartnomasida shart qilib koʼrsatilgan ish bajariladigan mehnat sharoitlari, ichki mehnat tartibi qoidalari, jamoa shartnomasi, uning mehnat faoliyati bilan bevosita bogʼliq boʼlgan boshqa ichki hujjatlar bilan tanishtirishi shartligi belgilandi.
Muhim oʼzgarishlardan biri, ish beruvchi oʼz kasbiy va ishchanlik sifatlari boʼyicha tegishli ishni bajarish uchun zarur boʼlgan malaka talablariga muvofiq keladigan xodimni tanlab olish maqsadida ishga kirayotgan shaxslar bilan suhbatlar oʼtkazishga haqli ekanligi belgilandi.
Mazkur qonunga koʼra ish beruvchilarga amaliy yordam koʼrsatish uchun Oʼzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Ishga qabul qilish chogʼida tanlov oʼtkazish toʼgʼrisidagi namunaviy nizomni Ijtimoiy-mehnat masalalari boʼyicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishgan holda tasdiqlaydi.
Shu bilan birga ish beruvchi mehnat shartnomasini tuzishdan oldin qonunchilikda ayrim toifadagi xodimlarni ishga qabul qilish uchun tanlovga oid tartib belgilangan hollarda tanlov oʼtkazish shartligi ham belgilangan.
Shuningdek,Mehnat kodeksining 124-moddasiga asosan mehnat shartnomasi imzolangunga qadar ishga qabul qilish chogʼida ishga kirayotgan shaxs oldindan ish beruvchiga pasportni yoki uning oʼrnini bosuvchi hujjatni yoxud identifikatsiyalovchi ID kartani, oʼn olti yoshgacha boʼlgan shaxslar esa tugʼilganlik toʼgʼrisidagi guvohnomani yoki identifikatsiyalovchi ID kartani, oxirgi ish joyi boʼyicha tasdiqlangan qogʼoz shaklidagi mehnat daftarchasini yoki elektron mehnat daftarchasidan koʼchirmani, oʼrindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxslar mehnat daftarchasining oʼrniga asosiy ish joyidan olingan belgilangan namunadagi maʼlumotnomani taqdim etishi ham belgilangan.
Bundan tashqari, harbiy xizmatga majburlar yoki chaqiriluvchilar uchun tegishincha harbiy guvohnomani yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnomani, oliy yoki oʼrta maxsus, kasb-hunar taʼlim tashkilotini tamomlaganligi toʼgʼrisidagi diplomni, qaysi ishni bajarish uchun faqat maxsus maʼlumotga yoki maxsus tayyorgarlikka ega boʼlgan shaxslar qoʼyilishi mumkin boʼlsa, oʼsha ishga kirish chogʼida ushbu ishni bajarish huquqiga doir guvohnomani (sertifikatni) yoxud boshqa tegishli hujjatni, soliq toʼlovchining identifikatsiya raqamini, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini, jamgʼarib boriladigan pensiya daftarchasini, ishga qabul qilish chogʼida talab etiladigan hujjatlarni ham taqdim etishi kerak.
Qonunga koʼra, ish beruvchi birinchi marta ishga kirgan, besh kundan ortiq ishlagan shaxslarga va qonunchilikda oʼziga nisbatan mehnat daftarchalarini yuritish nazarda tutilmagan ilgari ishlagan shaxslarga mehnat daftarchasini rasmiylashtirishi, ilgari jamgʼarib boriladigan pensiya tizimida hisobda turmagan xodimlarni bunday hisobga qoʼyish uchun choralar koʼrishi shartligi aniqlashtirib berilgan.
Mazkur qonunga asosan, ishga kirayotgan shaxs ish beruvchi tomonidan oʼtkaziladigan suhbatda ishtirok etishi, ishga qabul qilish chogʼida oʼtkaziladigan tanlovda ishtirok etishi shart. Ish beruvchi esa, tanlov oʼtkaziladigan sana haqida tegishli ishga kirayotgan shaxsga kamida bir hafta oldin xabar qiladi.
Qonun bilan taraflar mehnat shartnomasining barcha majburiy va qoʼshimcha shartlari boʼyicha kelishuvga erishgan hamda mehnat shartnomasini imzolagan boʼlsa, ushbu shartnoma tuzilgan deb hisoblanishi belgilandi.
Shuningdek, mehnat shartnomasi bir xil kuchga ega boʼlgan kamida ikki nusxada yozma shaklda tuzilib, ularning har biri taraflar tomonidan imzolanadi, uning har bir nusxasi xodimning va ishga qabul qilish huquqiga ega boʼlgan mansabdor shaxsning imzolari bilan mustahkamlanadi, bir nusxasi xodimga beriladi, boshqasi ish beruvchida saqlanadi. Mehnat shartnomasining nusxasi xodim tomonidan olinganligi ish beruvchida saqlanadigan mehnat shartnomasi nusxasidagi xodim mehnat shartnomasining nusxasini olganligi toʼgʼrisidagi alohida imzosi bilan tasdiqlanadi.
Mehnat shartnomasida shartnomaning tuzilgan sanasi va joyi, raqami va uning taraflarining rekvizitlari koʼrsatiladi.
Xodimning mehnat shartnomasida familiyasi, ismi va otasining ismi, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar toʼgʼrisidagi maʼlumotlar, yashash yoki turgan joyining manzili va u bilan bogʼlanishga doir maʼlumotlar, soliq toʼlovchining identifikatsiya raqami, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, shaxsiy jamgʼarib boriladigan pensiya hisobvaragʼi raqami koʼrsatiladi.
Аgar mehnat shartnomasini tuzishda nazarda tutilgan rekvizitlardan biror-biri shartnomaga kiritilmagan boʼlsa, bu mehnat shartnomasini tuzilmagan deb eʼtirof etish yoki uni bekor qilish uchun asos boʼlmaydi. Mehnat shartnomasi yetishmayotgan rekvizitlar bilan toʼldirilishi kerak. Bunda yetishmayotgan rekvizitlar mehnat shartnomasiga doir yozma shaklda tuziladigan qoʼshimcha kelishuv bilan belgilanadi, ushbu kelishuv mehnat shartnomasining ajralmas qismidir.
Mehnat shartnomasining tarafi rekvizitlar oʼzgarganda, ular oʼzgartirilgan paytdan eʼtiboran uch ish kuni ichida bu haqda boshqa tarafga yozma shaklda xabar qilishi kerak.
Mehnat shartnomasi ish beruvchi va xodim tomonidan imzolangan kundan eʼtiboran kuchga kiradi, xodim mehnat shartnomasida belgilangan sanadan eʼtiboran mehnat vazifalarini bajarishga kirishishi shart. Аgar mehnat shartnomasida ish boshlanadigan kun belgilanmagan boʼlsa, xodim shartnoma kuchga kirgan kundan keyingi ish kunida ishga kirishishi kerak.
Qonunga koʼra, ish beruvchining ishga qabul qilish toʼgʼrisidagi buyrugʼining mazmuni xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasining shartlariga muvofiq boʼlishi kerak, hamda buyruq xodimga ish haqiqatan boshlangan kundan eʼtiboran uch kunlik muddatda, imzo qoʼydirib eʼlon qilinadi, ish beruvchi unga mazkur buyruqning lozim darajada tasdiqlangan koʼchirma nusxasini berishi shart boʼladi.
Qonunga koʼra,ish beruvchiga ishga qabul qilish toʼgʼrisidagi buyruq asosida xodimning mehnat daftarchasiga ishga qabul qilish toʼgʼrisidagi yozuvni qayd etadi, xodim ushbu yozuv bilan uch kun ichida tanishtiriladi va buyruq asosida ishga qabul qilish haqidagi maʼlumotlarni «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga ham kiritish majburiyati belgilandi.
Qonun bilan,ishga qabul qilish huquqiga ega boʼlgan mansabdor shaxs tomonidan yoxud uning ruxsati bilan xodimni haqiqatda ishga qoʼyish, ishga qabul qilish lozim darajada rasmiylashtirilganligi yoki rasmiylashtirilmaganligidan qatʼi nazar, mehnat shartnomasini ish boshlangan kundan eʼtiboran tuzilgan deb hisoblanishi belgilab qoʼyildi.
Xulosa oʼrnida aytganda, mehnatga oid munosabatlar boʼyicha mehnat shartnomalarini tuzish bekor etish, oʼzgartirish kabiy majburiy shartlar yangi mehnat kodeksida toʼliq huquqiy jihatdan tartibga solingan boʼlib, mehnat qonunchiligidagi bunday yangiliklar, mamlakatimizning ijtimoiy hayotida fuqarolarning konstitutsiyaviy mehnat qilish huquq va manfaatlarining qonuniy himoyasini yanada  mustahkamlashga xizmat qilishi,shubhasiz.

Toʼrtkoʼl  tuman adliya boʼlimi,
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi boshligʼi
Bekpulat Аvazmetov