Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

04

Suveren Respublikaning bosh qomusi


Suveren Respublikaning bosh qomusi

Taʼkidlash joyizki, Konstitutsiya – bu milliy huquq tizimining asosini tashkil etish bilan birga u ijtimoiy hayotning oʼlchamlarini oʼzida jamlashi bilan ajralib, inson huquq va erkinliklarini belgilashda muhim hujjat hisoblanadi.
Davlatimizning mustaqil rivojlanish bosqichlariga nazar tashlar ekanmiz, ijtimoiy-siyosiy hayotimizda yuz berayotgan oʼzgarishlar bilan yangilanishlar, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda erishilayotgan natijalar asosiy qonunimiz yaratib bergan imkoniyatlarning samarasi hisoblanadi.
Maʼlumki, 1993- yil 9- aprelda Qoraqalpogʼiston Respublikasi XII-chaqiriq Oliy Kengashining 12-sessiyasida Oʼzbekiston Respublikasi tarkibidagi suveren Qoraqalpogʼiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilingan. Qoraqalpogʼistonning Oʼzbekiston Respublikasi tarkibidagi suveren demokratik davlat sifatidagi maqomi mazkur Konstitutsiyada tantanavor mustahkamlab qoʼyilganligi, Respublika Oliy Kengashi tomonidan: Suveren Qoraqalpogʼiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun 9–aprelь umumxalq bayrami – Qoraqalpogʼiston Respublikasining Konstitutsiyasi kuni deb eʼlon qilindi va ushbu bayramni tom maʼnoda xalqimiz adolatni, qonun ustuvorligini his qilgan holda erkin demokratik fuqarolik jamiyat,shuningdek huquqiy davlat qurish yoʼlidagi ishonchli qadam tashlagan kun sifatida har yili tantanali ravishda belgilanib kelinmoqda.
Qoraqalpogʼistonning Konstitutsiyasi respublikada yashovchi barcha xalqlarning demokratik huquqiy davlatni qurishdek ezgu niyatidan va ozodlikka erishish yoʼlidagi orzu-armonidan yaralgan hujjatdir. Konstitutsiya xalqning erku-irodasi bilan yaratilganligi, suveren Qoraqalpogʼiston Respublikasi Konstitutsiyasi oʼz xalqining milliy manfaatlaridan va taraqqiyot sari intilishlaridan kelib chiqib, jahon mamlakatlari konstitutsiyaviy tajribalariga va avvalambor qoraqalpoq xalqining koʼp yillik davlatchiligi rivoji tarixiga, oʼtmishiga tayangan holda ishlab chiqilgan.
Suveren Respublikamizning bosh qomusi-Qoraqalpogʼiston Respublikasi Konstitutsiyasi muqaddima, 6 -boʼlim, 26- bob, 121- moddadan iboratdir.
Konstitutsiyaning barcha moddalarida dunyoda umumeʼtirof etilgan xalqaro huquqning tamoyillari va boshqa bir qator BMT xalqaro hujjatlaridagi umuminsoniy tamoyillar mazmuni mujassiga toʼla mos ravishda ishlab chiqarilgan..
Konstitutsiyaning muqaddima qismida Qoraqalpogʼiston Respublikasi konstitutsiyasini qabul qilish maqsadi koʼrsatilgan.
Konstitutsiyaning birinchi boʼlimda asosiy printsiplar belgilangan, yaʼni davlat suvereniteti, xalq hokimiyatchiligi, Konstitutsiya va qonunning ustunligi, Qoraqalpogʼistan Respublikasining xalqaro va tashqi iqtisodiy aloqalariga bagʼishlangan.
Konstitutsiyaning 11-moddasida Qoraqalpogʼiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi – hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga boʼlinishi printsipiga asoslanishi koʼrsatib oʼtildi.
Ikkinchi boʼlimda inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari belgilangan.
Ushbu boʼlim umumiy qoidalar, fuqarolik, shaxsiy huquqlar va erkinliklar, siyosiy huquqlar, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarni, shuningdek, inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari va fuqarolarning burchlarini oʼz ichiga oladi.
Аsosiy qonunimiz insonning ijtimoiy huquqlariga ham katta eʼtibor qaratgan boʼlib, ayniqsa mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash, ishsizlikdan himoyalanish, dam olish, ijtimoiy taʼminot olish kabi huquqlarni alohida konstitutsiyaviy darajada eʼtirof etgan.
Maʼlumki, har qanday jamiyat va davlat taraqqiyotining eng muhim shartlaridan biri – bu taʼlim sifati hisoblanadi. Shu bois ham Аsosiy qonunimizda har kim bilim olish huquqiga egaligi, bepul umumiy taʼlim olish, ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqlari davlat tomonidan kafolatlanishi belgilab qoʼyildi.
Uchinchi boʼlim jamiyat va shaxs deb nomlanib, u jamiyatning iqtisodiy asoslari, jamoat birlashmalari, oila va ommaviy axborot vositalariga bagʼishlangan.
Qoraqalpogʼiston Respublikasi iqtisodiyotining asosini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Hozirgi kunda mamlakatimizda xususiy mulk daxlsizligi va tadbirkorlik erkinligini taʼminlashga oid qonunlar qabul qilinib, mustahkam huquqiy baza yaratilgan. Konstitutsiyaning 14-bobi oilaga bagʼishlangan boʼlib, ota-onalar oʼz farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashi, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar oʼz ota-onalari haqida gʼamxoʼrlik qilish majburiyati belgilangan.
Toʼrtinchi boʼlim Qoraqalpogʼiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi deb nomlanadi.
Unga koʼra, Qoraqalpogʼiston Respublikasi - tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullardan iborat, tumanlar, shaharlar tashkil qilishi va ularni tugatish, shuningdek, ularning chegaralarini oʼzgartirish Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesi tomonidan amalga oshiriladi.
Beshinchi boʼlimda davlat hokimiyatini tashkil qilish belgilangan. Ushbu boʼlim Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesi, Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesining raisi vakolatlari, Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesining Prezidiumi va uning vakolatlari, Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy davlat hokimiyatining asoslari, Qoraqalpogʼiston Respublikasining sud hokimiyati va saylov tizimi, konstitutsiyaviy nazorat, prokuratura, moliya va byudjet deb nomlangan boblarini oʼz ichiga oladi.
Oltinchi boʼlim konstitutsiyamizga oʼzgartirish kiritish tartibini belgilaydi.
Konstitutsiyaga oʼzgartirishlar Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesi jami deputatlarining kamida uchdan ikki qismidan koʼpchiligining ovozi orqali qabul qilingan qonuni yoki Qoraqalpogʼiston Respublikasi referendumi bilan kiritiladi.
Konstitutsiyaga kiritilgan oxirgi oʼzgartirishlarga toʼxtalib oʼtadigan boʼlsam, 2019- yil 29- iyunь kuni Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesining XXVI sessiyasida qabul qilingan qonunga koʼra, Konstitutsiyaning 70, 73, 75, 81, 85, 99, 101, 102, 103, 104, 105-moddalariga oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritilib, mazkur qonunning 1-modda 13-bandida 105-120-moddalari tegishincha 106-121-moddalari boʼlib hisoblansin” deyilgan, yaʼni oldin 120 moddadan iborat boʼlgan Konstitutsiyamizning mazkur qonun kuchga kirgan kundan eʼtiboran 121-moddadan iboratligi belgilangan.
Mazkur oʼzgartirish asosan davlatimizda amalga oshirilayotgan sud huquqi islohotlari bilan bogʼliq boʼlib, 105-moddasi Qoraqalpogʼiston Respublikasi maʼmuriy sudi haqidagi qoidalar bilan toʼliqtirilgan.
Xulosa oʼrnida aytganimizda, Qoraqalpogʼistan Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan norma va printsiplar demokratik huquqiy davlat qurish, inson huquq va erkinliklarini taʼminlashda eng muhim huquqiy hujjat boʼlib xizmat qilishi,shubhasiz.
Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi boshligʼi
Bekpulat Аvazmetov