Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

07

Investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida


Investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-mart kuni “Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida quvvati 500 mvt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini hamda havo elektr uzatish tarmog‘ini qurish (kungrad wind 4)” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-117-son qarori (keying o‘rinlarda - Qaror deb yuritiladi) tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga:
“ACWA Power KRPK Wind” MChJ bilan birgalikda Bitimda belgilangan tartib-taomillarga muvofiq Investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun xalqaro mustaqil injiniring kompaniyasini va boshqa maslahatchilarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzgan holda jalb qilishga;
“ACWA Power KRPK Wind” MChJ tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasini uch oy mobaynida sotib olish majburiyati bajarilishining ta’minoti sifatida “ACWA Power KRPK Wind” MChJ foydasiga xorijiy bankning chet el valyutasida tasdiqlangan va tiklanadigan akkreditivini ochishga ruxsat berilmoqda.
Iqtisodiyot va moliya vaziriga O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning akkreditiv ochadigan xorijiy bank oldidagi to‘lov majburiyatlari Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki yoki Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kafolati orqali bajarilgan taqdirda, mazkur bank bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga maqbul shakldagi ushbu bank xarajatlarini qoplash to‘g‘risidagi bitimni imzolash vakolati berildi.
Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida “ACWA Power KRPK Wind” MChJga, barcha soliqlar va yig‘imlar to‘langan holda, Investitsiya loyihasini moliyalashtirish doirasida:
- kredit olish, chet el valyutasida mablag‘lar olish va ulardan foydalanish (shu jumladan, chet el valyutasida kredit tushumlari) uchun chet eldagi xorijiy banklarda bank hisobvaraqlari ochish;
- O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida bo‘lgan xorijiy pudrat tashkilotlari, yetkazib beruvchilar yoki xorijiy kreditorlarga to‘lovlarni O‘zbekiston Respublikasidagi bank hisobvaraqlari orqali o‘tkazmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirish kabi huquqlar berildi.
Qarorga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi:
Energetika vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda “ACWA Power KRPK Wind” MChJ bilan birgalikda bir oy muddatda Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani hududida shamol elektr stansiyasini, havo elektr uzatish tarmoqlarini va elektr infratuzilmasi qurilmalarini qurish uchun zarur yer uchastkalarini tanlab olsin va ularning chegaralariga aniqlik kiritib, Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan va o‘rmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini o‘zgartirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Hukumat komissiyasiga taklif kiritishi;
“ACWA Power KRPK Wind” MChJ tomonidan taqdim etiladigan loyiha hujjatlari asosida tanlangan yer uchastkalarni Energetika vazirligiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratishi;
Energetika vazirligi mazkur yer uchastkalari Investitsiya loyihasini amalga oshirish muddatiga teng davrga “ACWA Power KRPK Wind” MChJga ijaraga berilishini ta’minlashi;
Bunda, “ACWA Power KRPK Wind” MChJ tomonidan yer uchastkalari uchun to‘lanadigan ijara to‘lovi miqdori yer solig‘i miqdoriga tenglashtirishi belgilab qo‘yilmoqda.
Shu bilan birga “ACWA Power KRPK Wind” MChJning buyurtmanomasiga binoan Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida:
- Tashqi ishlar vazirligi — jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar uchun kirish vizalari, zarur hollarda, Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini;
- Ichki ishlar vazirligi — jalb qilinadigan pudrat tashkilotlarining xorijiy mutaxassislari hamda ularning oila a’zolariga ko‘p martalik viza berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi va uning muddati uzaytirilishini;
- Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi — xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) belgilangan tartibda ta’minlashi belgilandi.

J.Ismoilov,
Qoraqalpog’iston Respublikasi Adliya vazirligi
Davlat xizmatlari ko’rsatilishi
ustidan nazorat qilish sho’basi,
Yetakchi maslahatchisi.