Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

05

Inson huquqlarini himoya etish sohasidagi qonunchilik.


Inson huquqlarini himoya etish sohasidagi qonunchilik.

Avvalo, shuni qayd etishni istardimki, yurtimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng har bir sohada tub islohotlar jarayoni boshlandi, Ayniqsa, inson huquqlarini ta’minlash borasida 1948 yil 10 dekabrda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining O‘zbekiston parlamenti tomonidan tasdiqlanganligi istiqlolning ilk yillarida qabul qilingan muhim xalqaro huquqiy hujjat bo‘ldi.
Mustaqil demokratik yo‘ldan dadil odimlayotgan O‘zbekistonning eng ulug‘ maqsadi, avvalo, xalqimiz manfaatlari ko‘zlangan islohotlarni amalga oshirishga qaratilgani bilan e’tiborlidir. Bu jihatlar Konstitutsiyamizda ham mustahkamlab qo‘yilgan. Jumladan, Bosh Qomusimizning II bob 13 moddasida “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy printsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va Qonunlar bilan himoya qilinadi” deyilgan.
Yurtimizda inson huquq va erkinligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga hamohang tarzda faoliyat yuritayotgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi ham shu kabi ezgu ishlarni amalga oshirishga kamarbastalik qilmoqda. O‘tgan davr mobaynida mazkur Markaz o‘z oldidagi o‘ta dolzarb sanalgan milliy harakat rejasini tuzish, Konstitutsiyamiz, qonunlar va inson huquqlari sohasidagi umume’tirof etilgan xalqaro huquq me’yorlari qoidalarini amalga oshirish strategiyasini ishlab chiqish, inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro va milliy tashkilotlar bilan hamkorligini rivojlantirish, mamlakatimizda inson huquqlariga rioya etilishi va bu huquqlarning muhofaza qilinishi yuzasidan milliy ma’ruzalar tayyorlash, davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha jamoat birlashmalariga maslahatlar berish, inson huquqlarini rag‘batlantirish va muhofaza qilishning turli jihatlari yuzasidan ma’ruzalar o‘tkazish kabi vazifalarni muvaffaqiyatli ado etib kelmoqda.
O‘zbekistonda qisqa tarixiy muddat ichida milliy davlatchilikni shakllantirishning huquqiy asoslari yaratildi. Mamlakatimiz barcha rivojlangan huquqiy davlatlardagi kabi uch hokimiyatga, ya’ni qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga taqsimlandi. Xalq farovonligi yo‘lida kuchli huquqiy davlatdan fuqarolik jamiyati sari ildam qadam qo‘yish maqsadida erkin bozor munosabatlariga asoslangan kuchli iqtisodiyot barpo etildi. Shu tariqa, yurtimiz xalqaro huquqning to‘laqonli va teng huquqli sub’ektiga aylandi. Albatta, bularning barchasiga Prezidentimiz Mirziyoev Shavkat Miromonovichning jonkuyarligi, tashabbuskorligi va rahnamoligi evaziga erishilmoqda.
Inson huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilishning ta’sirli vositasini barpo etish, xalqaro tashkilotlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikni kengaytirish, davlat muassasalari xodimlari va aholining inson huquqlari bo‘yicha madaniyatini oshirish maqsadida BMTning Inson huquqlari va boshqaruv tizimini demokratiyalashni qo‘llab-quvvatlash dasturiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi PF-6012-son Farmoni bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tuzildi. Farmonda Inson huquqlari bo‘yicha Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo’yicha maqsad va asosiy vazifalari aniq belgilab qo‘yildi.
Ayni paytda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlardan Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonunchilik monitoringi instituti hamda Milliy markazimiz zimmasidagi vazifalarni to‘laqonli bajarish yo‘lida xizmat qilib kelmoqda. Bu tashkilotlarning harakati, izlanishlari o‘laroq, yurtimizda inson huquqlari muhofazasi yo‘lida mustahkam qonunchilik tizimi barpo etildi. Istiqlol yillarida insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlashga doir konstitutsiyaviy qonunlar, kodekslar va boshqa qonunlar qabul qilinib, hayotga tatbiq etilmoqda. “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Xayriya to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlarning qabul qilinishi inson huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirishga zamin bo‘lmoqda.
Ayni paytda mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarining huquqiy asoslari yaratilishi va uning amalda qo‘llanishi hamda kafolatlanishini kuzatuvchi mexanizmlardan yuqorida tilga olib o‘tilgan institutlar bilan bir qatorda Oliy sud huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha tadqiqot markazi va Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligida inson huquqlari bo‘yicha bo‘linmalar va boshqarmalar samarali faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekistonda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan printsip va normalari ustunligi konstitutsiyaviy asosda e’tirof etiladi. Bugungi kunda mamlakatimiz inson huquqlari bo‘yicha 70 dan ziyod xalqaro hujjatlar, xususan, BMT tomonidan inson huquqlari bo‘yicha qabul qilingan 10 ta majburiy xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilib, o‘zining xalqaro majburiyatlarini muntazam ravishda bajarib kelmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonning demokratik o‘zgarishlarga sodiqligini namoyish qilish, yurtimizda kechayotgan ulkan o‘zgarishlar va yangilanishlar davrida avvalo inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish birlamchi vazifalardan sanaladi. Bunda jamiyatimizda mavjud milliy institutlar ichida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining o‘rni beqiyosdir.

Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi Yuridik xizmat koʼrsatish markazi
Bosh yuristkonsulti Allabergenov Davranbek Allabergenovich.