Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

25

Korruptsiya va huquqbuzarliklar profilaktikasi


Korruptsiya va huquqbuzarliklar profilaktikasi  

Har birimiz hech bo'lmaganda bir marta korruptsiya, uning salbiy oqibatlari haqida televideniya, radio, gazetada yoki turli xil yig'ilishlar, davra suhbatlarida eshitganmiz. Korruptsiya so'zi qaysi tildan olingani-yu, u nima ma'noni anglatishi haqida barchamizda dastlabki tushunchalar bor.
Korruptsiya, xalq tili bilan oddiygina qilib aytganda poraxo'rlikni pullik xizmat ko'rsatish sifatida qabul qilish ham mumkin. Boshqa xizmatlardan farqi uning noqonuniyligi va aksariyat hollarda davlat xizmatchisi tomonidan amalga oshirilishida. Xo'sh, bunday noqonuniy xizmatlar nima sababdan paydo bo'ladi. Uning jamiyatda keng ildiz otishiga qanday omillar turtki bo'ladi.  
Keling, shu haqida fikr yuritamiz.
Avvalo shuni aytib o'tish lozimki, jamiyatni butunlay korruptsiyadan tozalashning deyarli imkoni yo'q. Faqat uni eng quyi darajagacha tushirish mumkin. Chunki, korruptsiya darajasi bo'yicha barchaga o'rnak qilib ko'rsatiladigan skandinaviya davlatlari ham poraxo'rlikdan butkul xoli deb bo'lmaydi.
Endi asosiy masalaga o'tsak. Xo'sh, korruptsiya nima sababdan kelib chiqadi. Unga qarshi samarali kurash olib borish, korruptsiyadan xoli jamiyat barpo etish uchun nimalar qilish kerak.
Shu paytga qadar dunyodagi yuzlab ekspertlar, olimlar tomonidan korruptsiya nazariyasi o'rganilgan, u haqida millionlab risolalar yaratilgan. Hatto korruptsiyaga qarshi kurashish formulalari o'ylab topilgan. Shuning uchun ham, korruptsiyaning kelib chiqish sabablari sifatida juda ko'plab farazlar mavjud. Quyida biz ularning eng asosiylariga to'xtalib o'tamiz:
Ikki xil ma'noni anglatuvchi qonunlar — ushbu vaziyat huquqni qo'llovchi mansabdor shaxs tomonidan qonunlarni turlicha qo'llash imkonini yaratadi. Shuningdek, ayrim mutaxassislar jinoyat ma'muriy qonunchilikdagi ayrim sanktsiyalarni ham korruptsiyaga qulay sharoit yaratishi mumkinligi haqida fikr yuritishgan.
    Aholi huquqiy savodxonligining pastligi- aholi tomonidan qonunlarni bilmaslik yoki tushunmaslik mansabdor shaxsga o'zining shaxsiy manfaati yo'lida qonunlardan foydalanishga qulay sharoit yaratadi.
Shuni alohida ta'kidlab o'tish lozimki korruptsiyaga faqat moliyaviy mablag'lar, deylik davlat xizmatchisiga yuqori oylik maosh berish orqali barham berishning imkoni yo'q. Agar shunday bo'lganida edi, bugungi kunda eng rivojlangan davlatlar korruptsiyadan butkul forig' bo'lishlari kerak edi. Shu bilan birga, korruptsiyaga qarshi o'ta shafqatsizlarcha kurashib ham to'liq muvaffaqiyatga erishib bo'lmaydi. Buni Xitoy misolida ko'rishimiz mumkin.
Shunday ekan, korruptsiyaga qarshi samarali kurashish yo'llarini uning kelib chiqishiga sabab bo'ladigan yuqoridagi omillardan kelib chiqqan holda belgilash mantiqan to'g'ri bo'ladi deb o'ylaymiz. Jumladan:
Mavjud qonunchilik bazasi doimiy ravishda takomillashtirilib borilishi, bunda me’yoriy-hujjat normalari shaffof, sodda va aniq bo'lishi lozim.
           Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish,aholi bilan samarali profilaktik tadbirlar tashkil etib borilishi lozim. Toki jamiyatning har bir a'zosida korruptsiyaga qarshi immunitet shakllanmas ekan, unga qarshi kurashish hech qanday samara bermaydi.
Barcha sohalarda davlat boshqaruvini liberallashtirish, hamda davlat xizmatlarini ko'rsatish tizimini takomilashtirish lozim. Bunda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo'llash orqali tizim shaffofligini oshirish imkoni paydo bo'ladi.
Muxtasar qilib aytganda, korruptsiyaga korruptsiya qarshi, kompleks ravishda, puxta ishlab chiqilgan dastur orqali kurashish lozim. Aks holda istalgan davlat yoki jamiyatni inqirozga yuz tutishiga sabab bo'lishi mumkin

Qo'nǵirot tumani adliya bo'limi yuridik xizmat
ko'rsatish markazi bosh yuriskonsulti  O.T.Matyakupov