Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

31

Yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibi


Bugungi kunda mamlakatimizda yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish, erga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash, yerlarni muhofaza qilish, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash, shuningdek, erning iqtisodiy qiymatini belgilash orqali uni fuqarolik huquqiy munosabatlar obyekti sifatida erkin muomalaga kiritish maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi 2022-yil 14-fevraldagi 71-son qarori qabul qilindi.
Shuningdek, mazkur Qaror bilan “O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslariga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara va meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishga doir ma’muriy reglament” (keyingi o‘rinlarda – Reglament deb yuritiladi) tasdiqlandi.
Ushbu Reglamentga ko‘ra, yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari DXM yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ko‘rsatiladi. Bunda ariza to‘ldirilib, unga quyidagilar ilova qilinadi:
– ishonchnoma (ariza beruvchining vakili murojaat qilganda);
– yer uchastkasini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qaror (ariza beruvchi – yuridik shaxs bo‘lsa).
Ariza tuman (shahar) qurilish bo‘limi, kadastr filiali tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun “Yerxususiylashtirish” axborot tizimiga yuboriladi. Kadastr filiali ariza tushgan kundan besh ish kunida ma’lumotlarni tekshiradi.
Tuman (shahar) qurilish bo‘limi besh ish kunida yer joylashgan hududning (aholi punkti yoki ular orasidagi hududni) rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish to‘g‘risidagi hamda ularni qurish haqidagi tasdiqlangan hujjatlarga yer uchastkasi joylashuvining muvofiqligini ko‘rib chiqadi.
“Yerxususiylashtirish” axborot tizimida ariza natijalari bo‘yicha (kelishilganligi yoki rad etilganligi) xabarnoma shakllantirilib, ariza beruvchiga yuboriladi.
Shunga ko‘ra, ariza beruvchi o‘n ish kunida yerni sotib olish to‘lovini amalga oshiradi. To‘lov o‘z vaqtida to‘langanda, yerga mulk huquqini beruvchi davlat orderi shakllantiriladi.
Kadastr boshqarmasi order asosida ikki ish kunida yerga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi va undan ko‘chirmani ariza beruvchiga yoki DXMga yuboradi.
Shuningdek, reglament kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari ishtirokchilariga berilgan yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, mazkur Reglamentning 20-bandiga muvofiq ariza beruvchi rad javobini olgan kundan boshlab bir oy ichida, agar rad etish sababi faqat xususiylashtirilayotgan yer uchastkasini sotib olish davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun yig‘imni to‘lamasdan yer uchastkasini xususiylashtirishni rad etish uchun asos bo‘lgan sabablarni bartaraf etgan holda qayta ariza topshirishga haqli.
Shu bilan birga, mazkur Reglamentning 25-bandida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari, shu jumladan, YAIDXP orqali, ushbu Reglamentning talablari ijrosi yuzasidan davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini doimiy ravishda nazorat qilishi va monitoring olib borishi belgilangan bo‘lib, Reglament talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar deb belgilangan.
Yuqorida qayd etib o‘tilgan normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi, shuningdek ularga muvofiq amalga oshirilayotgan bir qator chora-tadbirlar fuqarolarimizning davlat xizmatlaridan foydalanishi uchun keng qulaylik va shart-sharoitlar yaratib berilayotganligidan dalolatdir.
Shu bilan birga, aholiga davlat xizmatlarini qulay va oson shakllarda ko‘rsatish ko‘lamini oshirish va fuqarolarning idorama-idora sarson bo‘lib yurishining oldini olish, davlat organlari axborot tizimida mavjud ma’lumotlarni ishonchli himoya qilish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish zarur.



Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi
Davlat xizmatlari ko‘rsatilishi ustidan nazorat qilish sho‘basi yetakchi maslahatchisi D.Xabibullayeva