Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

18

Korrupsiya va huquqbuzarliklar profilaktikasi.


Korrupsiya demokratiya va qonun ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi hamda inson huquqlarining buzilishiga olib keladi.
Islohotlarga to‘sqinlik qilib, jamiyat taraqqiyotini ortga suradi. Xalqning adolatga bo‘lgan ishonchini susaytiradi.
Korrupsiya millat, davlat va hudud tanlamaydi, shu sababli ushbu illatga qarshi jahon miqyosida qarshi kurash olib boriladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2003 yil 21 noyabrdagi rezolyusiyasiga muvofiq, 2004 yildan boshlab “9 dekabr – Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” sifatida nishonlanib kelinmoqda.
Bugungi kunda korrupsiya xavfining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida yurtimizda keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, korrupsiyaning oldini olish bilan bog‘liq qonunchilik bazasini mustahkamlashga qaratilgan Byudjet kodeksi, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”, “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”, “Elektron hukumat to‘g‘risida” va “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.
Korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib borish maqsadida 2017 yil yanvarida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi esa davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kuch va imkoniyatlarini birlashtirib, yaxlit tizimni yaratish imkonini berdi.
Bu albatta, so‘nggi yillarda ushbu illatga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish va qat’iy kurash olib borish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganidan dalolatdir. Chunonchi, Davlatimiz rahbari Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutahassislar jalb qilingan, jamiyatimizning barcha a’zolarini “halollik vaksinasi” bilan emlagan holda korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga qaratilgan tashabbusni ilgari surdi.
2020 yil 29 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident farmoni bilan jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan davlat siyosatini shakllantirish, uni muvaffaqiyatli amalga oshirish hamda samaradorligini takomillashtirish maqsadida maxsus vakolatli davlat organi – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.
Davlat va jamiyat faoliyatining barcha sohalarida korrupsiyaga qarshi kurashish standartlari va mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, jamiyatda korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish agentlik missiyasi sifatida belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi PF-6257-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi”da korrupsiya davlat va jamiyat taraqqiyoti uchun eng jiddiy xavf-xatarlardan biri ekanligini aholi va davlat xizmatchilari ongiga singdirish alohida vazifa sifatida belgilangan. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5177-sonli qaroriga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi va Bosh prokuratura Akademiyasiga 2022 yil 1 yanvardan boshlab “halollik vaksinasi” tamoyili asosida davlat xizmatchilarini muntazam ravishda korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvi va odob-axloq qoidalari bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarida o‘qitish tizimini joriy etish vazifasi belgilandi.
Shuningdek, maxsus elektron o‘quv platformasi ishga tushirilib, u orqali davlat xizmatchilarini masofadan turib o‘qitish hamda xususiy sektor vakillari va aholining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi bilimlarini oshirish amaliyotining yo‘lga qo‘yilishi nazarda tutildi.
Xorijiy amaliyot tahlili shuni ko‘rsatdiki, bozor iqtisodiyoti qonunlarga asoslangan mamlakatlarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat va xususiy sektor ishtirokchilarining xalqaro standartlar, qonun hujjatlari va boshqa zamonaviy usullarga muvofiq samarali faoliyat yuritishini ta’minlovchi muhim vositalardan biri o‘z tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish komplaens nazorat (compliance control) tizimini tashkil etish hisoblanadi.
Korrupsiyaga qarshi komplaens nazorati – davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar, qonun va boshqa me’yoriy huquqiy hujjatlarga muvofiq tashkil etuvchi, korrupsiya xavf-xatarlari, manfaatlar to‘qnashuvini o‘z vaqtida aniqlash va chek qo‘yish, qonun buzilishi va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berishni o‘zida mujassam etgan profilaktik tizimdir.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2014 yil 14 mayda qabul qilingan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda muassasalar tizimi (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati, ichki ishlar, prokuratura, davlat xavfsizlik xizmati, Prezident davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, adliya, davlat bojxona xizmati, davlat soliq xizmati, mehnat, ta’limni davlat tomonidan boshqarish organlari va ta’lim muassasalari, davlat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish hamda sog‘liqni saqlash muassasalari, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo komissiyalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar) va ularning vakolatlari belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasining 2014 yil 15 avgustdagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi 371-sonli Qonunining maqsadi mazkur sohadagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan bo‘lib, kelgusida yuzaga kelayotgan huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan.
Mazkur Qonunga ko‘ra, huquqbuzarliklar profilaktikasi deganda huquq-tartibotni saqlash hamda mustahkamlash, huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga barham berish, shuningdek, huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish maqsadida qo‘llaniladigan huquqbuzarliklar umumiy, maxsus, yakka tartibdagi va viktimologik profilaktikasining huquqiy, ijtimoiy, tashkiliy va boshqa chora-tadbirlari tizimi tushuniladi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasining asosiy prinsiplari sifatida qonuniylik, insonparvarlik, tizimlilik, ishontirish usulining ustuvorligi, ta’sir ko‘rsatish chora-tadbirlarini farqlash va yakka tartibdagi yondashish belgilangan.


Ellikqal’a tumani adliya bo‘limi
Inson huquqlarini himoya qilish
va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish
bo‘linmasining yetakchi maslahatchisi Sh.Ismailov