Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

11

Yangi Mehnat kodeksiga asosan xodimlarga taʼtil berish tartiblari


Taʼtillarning qanday turlari mavjud?

Taʼkidlash kerakki, yangi Mehnat kodeksida ish beruvchi va xodim oʼrtasidagi mehnatga oid munosabatlar, shu jumladan, xodimlarga har yilgi mehnat taʼtillarini berish masalalarini tartibga solishga qaratilgan bir qator huquqiy normalar belgilangan.

Yangi Mehnat kodeksida taʼtillarning qanday turlari mavjud?

Qarang, Mehnat kodeksi 213-moddasiga koʼra, ushbu Kodeksda ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi asosida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlar uchun taʼtillarning quyidagi 4 ta turi nazarda tutilgan:

Jumladan:

har yilgi mehnat taʼtili;

ijtimoiy taʼtillar;

ish haqi qisman saqlanadigan taʼtil;

ish haqi saqlanmaydigan taʼtil.

Shuningdek, Mehnat kodeksining 216-moddasi 3-qismiga koʼra, har yilgi mehnat taʼtilining turlari quyidagilardan iborat:

asosiy mehnat taʼtili (har yilgi asosiy eng kam yoki har yilgi asosiy uzaytirilgan);

ushbu Kodeksning 222-moddasida nazarda tutilgan tartibda asosiy eng kam yoki asosiy uzaytirilgan taʼtil bilan jamlab hisoblanadigan qoʼshimcha mehnat taʼtillari.

Mehnat kodeksiga asosan har yilgi qoʼshimcha taʼtillar xodimlarga qaysi holatlarda beriladi?

Mehnat kodeksining 219-moddasiga koʼra, har yilgi qoʼshimcha taʼtillar quyidagi hollarda beriladi:

Unga koʼra, ushbu Kodeksning 481-moddasiga muvofiq mehnat sharoitlari noqulay ishlarda band boʼlgan xodimlarga;

ushbu Kodeksning 483-moddasiga muvofiq noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida ish bajarayotgan xodimlarga;

ushbu Kodeksning 220-moddasiga muvofiq bitta tashkilotda yoki tarmoqda koʼp yillik ish stajiga ega boʼlgan xodimlarga;

qonunchilikda, jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan boshqa hollarda beriladi.

Mehnat kodeksiga asosan, har yilgi qoʼshimcha taʼtillar ham asosiy taʼtilga qoʼshiladimi?

Ha qoʼshiladi, qarang Mehnat kodeksining 222-moddasi 1-qismiga koʼra, har yilgi mehnat taʼtilining umumiy davomiyligini hisoblab chiqarishda, qoʼshimcha taʼtillar har yilgi asosiy eng kam taʼtil yoki har yilgi asosiy uzaytirilgan taʼtilga qoʼshib jamlanishi belgilangan.

Misol uchun: xodimning har yilgi asosiy eng kam taʼtili MKning 217-moddasiga koʼra, 21 kalendar kun, jamoa shartnomasida 3 kalendar kun qoʼshimcha taʼtil, Mehnat kodeksining 220-moddasiga asosan bitta tashkilotda 5 yildan ortiq ishlagani uchun 2 kalendar kun, Mehnat kodeksining 401-moddasiga koʼra 12 yoshga toʼlmagan 2 va undan koʼp bolasi borligi uchun 4 kalendar kun, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 743-son qaroriga koʼra 1 ish kuni, Mehnat kodeksining 222-moddasiga koʼra asosiy va qoʼshimcha taʼtillar jamlangan holda xodimga 37 kalendar kundan iborat har yilgi mehnat taʼtili beriladi.

Mehnat kodeksiga koʼra, har yilgi asosiy uzaytirilgan taʼtil nazarda tutilgan xodimlarga ham qoʼshimcha taʼtillarni berish mumkinmi?

Mumkin, Mehnat kodeksining 218-moddasiga koʼra, ayrim toifadagi xodimlar uchun har yilgi asosiy uzaytirilgan taʼtillar nazarda tutilgan.

Ushbu modda talabiga asosan, I va II guruh nogironligi boʼlgan xodimlarga 30 kalendar kun har yilgi asosiy uzaytirilgan taʼtil nazarda tutilgan.

Qoʼshimcha taʼtillarni pulli kompensatsiya bilan almashtirish mumkinmi?

Mehnat kodeksining 234-moddasi 3-qismiga koʼra, 18 yoshga toʼlmagan xodimlarga, I yoki II guruh nogironligi boʼlgan xodimlarga beriladigan ijtimoiy taʼtillarning barcha turlaridan, har yilgi uzaytirilgan asosiy mehnat taʼtillaridan, shuningdek ushbu Kodeksning 481 va 483-moddalarida nazarda tutilgan qoʼshimcha taʼtillardan asli holida foydalaniladi hamda mehnat davrida ularni pulli kompensatsiya bilan almashtirishga yoʼl qoʼyilmasligi belgilangan.

Yaʼni Mehnat kodeksining 481 va 483-moddalarida nazarda tutilgan qoʼshimcha taʼtillardan xodimlar asli holida foydalanishlari kerak, ularni pulli kompensatsiya bilan almashtirib boʼlmaydi.

Biroq, Mehnat kodeksining 220-moddasida, tashkilotning jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, ichki tartib hujjatlarida, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan har yilgi qoʼshimcha taʼtillarni esa ish beruvchi bilan kelishilgan holda pulli kompensatsiya bilan almashtirish mumkinligi ham belgilangan.

Qoʼshimcha taʼtillarni asosiy mehnat taʼtili bilan bir vaqtda olish kerakmi, shuningdek alohida qismlarga boʼlib olish mumkinmi?

Ha, mumkin. Qarang Mehnat kodeksining 231-moddasiga koʼra, xodim va ish beruvchi oʼrtasidagi kelishuvga koʼra har yilgi mehnat taʼtili qismlarga boʼlinishi mumkin. Bunda ushbu taʼtilning hech boʼlmaganda bir qismi 14 kalendar kundan kam boʼlmasligi kerak.

Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi

Yuridik xizmat koʼrsatish

markazi boshligʼi                                                    B.Аvazmetov