Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

10

Xotin-qizlarni huquqlarini himoya qilish boʼyicha islohotlar


Maʼlumki, yurtimizda xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan izchil qonunchilik va boshqa chora-tadbirlar tufayli ular oʼz huquq va erkinliklarini, tadbirkorlik, taʼlim, sogʼliqni saqlash, fan va ijtimoiy-siyosiy sohalardagi bilim va koʼnikmalarini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqdalar.
Ushbu yoʼnalishda Oʼzbekiston xotin-qizlar huquqlari boʼyicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining ayollarga nisbatan kamsitishlarning barcha shakllariga barham berish toʼgʼrisidagi konventsiyasi, ayollar huquqlari BMTning boshqa shartnomalari, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʼgʼrisidagi xalqaro pakt, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar toʼgʼrisidagi xalqaro pakt, Irqiy kamsitishga barham berish toʼgʼrisidagi konventsiyalarni imzolagan.
Xususan, Oʼzbekiston Respublikasi ayollar huquqlarini har doim taʼminlashga alohida eʼtibor beradi. Oʼzbekiston Markaziy Osiyoda birinchilardan boʼlib, 1995-yil 6-mayda BMTning Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish toʼgʼrisidagi konventsiyasiga qoʼshildi. Shuningdek, Onalikni himoya qilish toʼgʼrisida, Mehnat va kasb sohasidagi kamsitish toʼgʼrisidagi konventsiyalari va boshqa xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilgan.
Taʼkidlash joyizki, yurtimizda ayollarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan izchil qonunchilik va boshqa chora-tadbirlar tufayli ular oʼz huquq va erkinliklarini, tadbirkorlik, taʼlim, sogʼliqni saqlash, fan va ijtimoiy-siyosiy sohalardagi bilim va koʼnikmalarini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.
Jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasida xotin-qizlar va erkaklar oʼrtasidagi tenglik mustahkamlangan.
Bundan tashqari, Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 14-bobi "Oila" deb nomlangan va oila, onalik va bolalikni himoya qilishga bagʼishlangan. Erta nikohlarning oldini olish maqsadida Oila kodeksining 15-moddasida erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshi oʼn sakkiz yosh deb belgilangan.
Muhim jihatlardan biri, milliy qonunchilikda ayollarning huquqlarini himoya qilishning ishonchli kafolatlari belgilangan.
Xususan, Mehnat kodeksining 78-moddasi homilador ayollarni va uch yoshga toʼlmagan bolalari bor ayollarni tegishlicha homiladorligi yoki bolalari borligi sababli ishga yollashdan noqonuniy ravishda voz kechishga yoʼl qoʼymaydi; 84-modda homilador ayollarni, uch yoshga toʼlmagan bolalari bor ayollarni, korxona uchun belgilangan eng kam ish joylariga ishga yuborilgan shaxslarni (bolalari boʼlgan ayollarni) ishga qabul qilishda dastlabki sinovni belgilamaydi.
Shu bilan bir qatorda, Oila kodeksi bola katta yoshga toʼlgunga qadar, shu jumladan koʼchmas yoki koʼchar mulk yoki boshqa qimmatbaho buyumlarni berish orqali alimentni oldindan toʼlash imkoniyati toʼgʼrisidagi norma bilan toʼldirildi. Ajrashgan taqdirda, er-xotinning huquqlarini kafolatlaydigan mol-mulkni taqsimlash tartibi belgilangan.
Shuningdek, Jinoyat kodeksi va Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksda nikoh yoshiga oid qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik choralari belgilangan.
Bundan tashqari, soʼnggi yillarda ayollar huquqlarini taʼminlash va himoya qilishga qaratilgan bir qator meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi.
Mamlakatning siyosiy va ijtimoiy hayotida ayollarning rolini oshirish sohasida:
2019-yil 2-sentyabda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Qonunda “jins boʼyicha bevosita kamsitish” va “jins boʼyicha bilvosita kamsitish” tushunchalariga taʼrif berildi, normativ-huquqiy hujjatlar hamda ularning loyihalarini majburiy huquqiy ekspertizasi, gender statistikasi yuritilishi joriy etildi.
Oliy Majlis Senati raisi rahbarligida Gender tengligini taʼminlash masalalari boʼyicha komissiya tuzildi.
Аyollarni zoʼravonlikdan himoya qilish sohasida:
2019-yil 2-sentabrda «Xotin-qizlarni tazyiq va zoʼravonlikdan himoya qilish toʼgʼrisida»gi qonun qabul qilindi, u ayollarni uyda, ish joyida, taʼlim muassasalarida zoʼravonlikdan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Qonunda bir qator tushunchalar, «jinsiy zoʼravonlik», «jismoniy zoʼravonlik», «iqtisodiy zoʼravonlik», «ruhiy zoʼravonlik» «zoʼravonlik», «tazyiq» kabi tushunchalarga keng taʼrif berilgan.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi «Zoʼrlik ishlatishdan jabr koʼrgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida»gi PQ-5116-sonli qarori bilan 1 ta Аyollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish boʼyicha Respublika markazi, 14 ta hududiy markazlar va 14 ta namunali tumanlararo markazlari hamda zoʼravonlik qurbonlari murojaat qilishi mumkin boʼlgan 1146 qisqa raqamli «Call-center» tashkil etildi.
Tazyiq va zoʼravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, tazyiq va zoʼravonlik sodir etgan shaxslarni tuzatish dasturlari toʼgʼrisida Nizom tasdiqlandi.
Аyollarning mehnat va bandlik sohasidagi huquqlarini taʼminlash sohasida:
Oʼzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga oʼzgartirishlarga muvofiq xotin-qizlarni ayrim sohalar yoki kasblarga jalb qilish taqiqlari bekor qilindi, shuningdek, ayollar sogʼligʼiga salbiy taʼsir koʼrsatadigan sohalar yoki kasblarning tavsiya etiladigan yangi roʼyhati tasdiqlandi.
Jumladan, ayollar 60 yoshga toʼlgunga qadar pensiya yoshiga yetgan yoki qonun boʼyicha keksa yoshdagi pensiya olish huquqini yaratganligi sababli nomaʼlum muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini, shuningdek, muddati tugagunga qadar muddatli mehnat shartnomasini bekor qilish taqiqlanishi belgilandi.
Xulosa oʼrnida aytganimizda, xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qabul qilingan meʼyoriy normativ hujjatlar yurtimizda xotin-qizlarga siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirish chogʼida teng huquqlilikni, jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek saylov jarayonida hamda tadbirkorlik sohasida teng ishtirok etishni kafolatlashga xizmat qilishi shubhasiz.

N.Radjapova,
Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi
Yuridik xizmat koʼrsatish markazi
bosh yuriskonsulti