Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

23

Xodimlarning malakasini oshirishda ish beruvchining majburiyatlari nimalardan iborat


Xabaringiz bor, 2023 yil 30 aprel kuni yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi kuchga kirdi. Unda belgilangan normalar ish beruvchi bilan xodimlar o`rtasidagi munosabatlarni tartibga solish bilan bir qatorda ularning huquq va majburiyatlarini belgilab beradi.
Xodimlarning o`z mutaxassisligi bo`yicha yuqori bilim va ko`nikmaga ega bo`lishi ish samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Kodeksning 367-moddasida xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tushunchasi ko`rsatib o`tilgan bo`lib, unga ko`ra, malaka oshirish deganda xodimning undagi mavjud kasb va mutaxassislik bo`yicha ishlarni bajarishga tayyorligini tavsiflovchi, xodimning kasbiy bilimlari, malakalari va ko`nikmalari darajasini takomillashtirish tushuniladi.
Xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish xodim hamda ish beruvchi uchun ixtiyoriy tartibda yoki, agar xodimlarni majburiy qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish talablari mehnat to`g`risidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan bo`lsa, majburiy tartibda amalga oshirilishi mumkin.
Xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mazkur ish beruvchida yoki tegishli ta`lim tashkilotida yoxud boshqa ish beruvchida amalga oshirilishi mumkin.
Demak, xodimlarning malaka oshirishi mehnat munosabatlarining bir qismi bo`lib, ular ishtirokchilariga ma`lum huquq va majburiyat yuklaydi. Xo`sh, ish beruvchining xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga doir huquq va majburiyatlari nimalardan iborat?!
Mehnat qonunchiligiga ko`ra, xodimlarni qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga bo`lgan zaruratni ish beruvchi belgilaydi, bundan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish zarurati mehnat to`g`risidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan hollar mustasno.
Xodimlarni qayta tayyorlashga va o`z malakasini oshirishga yuborish tartibi mehnat to`g`risidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilanadi.
Xodim ish beruvchi va xodim uchun majburiy bo`lgan qayta tayyorlashga yoki malaka oshirishga yuborilgan taqdirda, ish beruvchi qayta tayyorlash yoki malaka oshirish davrida xodimning ish joyini (lavozimini) va o`rtacha ish haqini saqlab qolishi shart.
Agar qayta tayyorlash yoki malaka oshirish ixtiyoriy ravishda amalga oshirilsa, ish beruvchi qayta tayyorlash yoki malaka oshirish vaqtida xodimning ish joyini (lavozimini) saqlab turishi shart. Xodimning o`rtacha ish haqini saqlab qolish masalasi jamoa shartnomasida, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo`mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan ichki hujjatda yoxud mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga ko`ra hal qilinadi.
Xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish shakllari, zarur kasblar hamda mutaxassisliklarning ro`yxati ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo`mitasi bilan kelishgan holda belgilanadi.
Mazkur qoidalardan xabardor bo`lib, unga qat`iy rioya qilinsa, har qanday qonunbuzilishining oldi olinib, qat`iy tartib o`rnatiladi va xodimlarning ortiqcha ovora bo`lmasliklari ta’minlanadi.

S.Raimbekova,
Beruniy tumani adliya bo`limi
boshlig`i, II darajali yurist