Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

22

Notariuslar tomonidan avtotransport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi bitimlarni tasdiqlash tartibi


Hozirgi kunda jamiyatimizda shaxsiy avtotransport vositalari alohida o‘rini topgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi albatta. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra 2022-yilning 1-yanvar holatiga respublikamizda jismoniy shaxslarga tegishli jami yengil avtomobillar soni 3 051 734 tani tashkil etgan. Bunda, yurtimizda har 1000 nafar doimiy aholiga oʻrtacha 87 ta yengil avtomobil toʻgʻri kelmoqda. Bunday ko‘rsatgich, o‘z navbatida, fuqarolar o‘rtasida avtoulov oldi-sotdi harakatlarining ko‘payshiga va bu harakatlarni tegishli tartibda rasmiylashtirish maqsadida notariuslarga murojaat qilishiga olib keladi. Aynan shuning uchun ham mazkur maqolada notarial harakatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish va fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida avtotransport vositalarini tasarruf etish bilan bog‘liq bitimlarni notariuslar tomonidan tasdiqlash tartibiga to‘xtatilshni maqsadga muvofiq deb bildik.
Avtotransport vositalarini tasarruf etish bilan bog‘liq bitimlarni tasdiqlansh O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-noyabr kungi 726-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Notariuslar tomonidan avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish haqidagi bitimlarni tasdiqlashning” Ma’muriy Reglamenti hamda O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 4-yanvardagi 2-mh-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi” Yo‘riqnoma talablariga asosan amalga oshiriladi.
Demak, avtoulovni sotish jarayoni murojaat qiluvchi notarial idoraga bevosita o‘zi kelganda uni notarial idora xodimlari yoki notariusning o‘zi qabul qilishi, uning maqsadiga aniqlik kiritishi, muomala va huquq layoqatiga egaligini aniqlashdan boshlanadi.
Agar, bitimni rasmiylashtirishni so‘rab kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulog‘i og‘ir, zaif eshituvchi), ko‘zi ojiz (ko‘r, zaif ko‘ruvchi) bo‘lgan shaxs murojaat qilsa hamda u savodsiz bo‘lsa, bitimni tasdiqlash paytida u bilan muomala qila oladigan va bitimning mazmunini uning xohish-irodasiga muvofiq ekanligini o‘z imzosi bilan tasdiqlovchi surdo yoki tiflo tarjimon hozir bo‘lishi shart.
Yuqoridagi jarayonlar tegishli tartibda amalga oshirilganidan so‘ng bitimni notarial tasdiqlash uchun notarius avtomototransport vositasi mulkdorga tegishliligini tekshiradi. Bunda, jismoniy shaxslar o‘rtasida bitimni tasdiqlashda quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
- mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar (transport vositalarini qayd qilish guvohnomasi, avtomototransport vositasining raqamli agregatlari uchun DYHXX organlari yoki traktorlar, o‘ziyurar shassilar, traktor tirkamalari va o‘ziyurar yo‘l qurilish mashinalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi huzuridagi “Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan berilgan belgilangan shakldagi ma’lumotnoma);
- yo‘l-transport hodisasi natijasida shikastlangan avtomototransport vositasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining sud-ekspertiza muassasalarining mutaxassislari, bunday muassasalar bo‘lmagan viloyatlarda esa — “O‘zavtotexxizmat” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkilotlarining xulosasi;
- merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnomaga asosan transport vositasini qayd etish guvohnomasi berilgan bo‘lsa — merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma.
Bitimni tasdiqlashda taraflar yoki taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lgan hollarda quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
- mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar (transport vositalarini qayd qilish guvohnomasi, avtomototransport vositasining raqamli agregatlari uchun DYHXX organlari yoki traktorlar, o‘ziyurar shassilar, traktor tirkamalari va o‘ziyurar yo‘l qurilish mashinalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi huzuridagi “Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan berilgan belgilangan shakldagi ma’lumotnoma);
- yuridik shaxs vakolatli organining avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish haqidagi hujjati (qaror, umumiy majlis bayonnomasi, kuzatuv kengashining qarori, buyruq va h.k.);
- mulkdorning roziligi (agar yuridik shaxsga avtomototransport vositasi operativ boshqaruv huquqi asosida tegishli bo‘lsa);
- taraflar o‘rtasida hisob-kitob qilinganligini tasdiqlovchi hujjat (hisob-kitob kechiktirilgan hollar bundan mustasno).
Aytish joizki, er (xotin)ning umumiy birgalikdagi mulki bo‘lgan avtomototransport vositasini boshqa shaxsga o‘tkazish bo‘yicha bitim tuzish uchun xotinning (erning) notarius yoki O‘zbekiston Respublikasi konsullik muassasalarining konsullari tomonidan shahodatlantirilgan yozma roziligi olinishi lozim.
Bitimni tasdiqlashda notarius tomonidan “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalarining miqdorlariga asosan davlat boji va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadigan Notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar uchun undiriladigan to‘lovlar miqdorlari doirasida huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar amalga oshirilganligi uchun haq undiriladi va hisob-kitob taraflar o‘rtasida ularning xohishiga ko‘ra amalga oshiriladi.
To‘lovlar amalga oshirilib, bitim loyihasi to‘liq tayyor bo‘lgandan so‘ng, taraflar bitimni imzolash uchun notarius huzuriga bir vaqtda taklif etiladi va bitim loyihasi taraflarga o‘qib tanishib chiqish uchun taqdim etiladi va imzolanadi.

A.Kdirbaev
Huquqiy xizmatlar bo‘limi
yetakchi maslahatchisi