Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

21

Mehnatga haq toʻlash shartlarini bilasizmi…?


Bugungi kunda davlatimiz tomonidan deyarli barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar qatorida inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan ijobiy harakatlar va ularning natijasi barchamizni Yangi Oʻzbekistonning yangicha dunyosida yashayotganimizni qalban his qilishimizga chorlamoqda.
Albatta, inson qadrini ulugʻlaydigan tamoyillar negizida qabul qilinayotgan qonun hujjatlarning barchasi yurtimizda adolatni ta’minlaydi, shu jumladan aholining huquq va imkoniyatlarini yanada kengaytiradi desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Qabul qilinayotgan qonun hujjatlar qatorida Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini aytib oʻtishimiz lozimdir. Sababi, ushbu Kodeks xodimlar, ish beruvchilar va davlat manfaatlarining muvozanatini ta’minlash hamda ularni muvofiqlashtirish asosida yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi.
Shu oʻrinda ushbu kodeks bilan tartibga solinadiga yana bir asosiy jihatlaridan biriga, ya’ni mehnatga haq toʻlash, ish haqidan ushlab qolish, kafolatli va kompensatsiya toʻlovlari toʻlash tartiblariga toʻxtab oʻtamiz.
Bunda, mehnatga haq to‘lash shartlari va miqdori ish beruvchi hamda xodim o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, bajariladigan ishning murakkabligi va shartlari, xodimning kasbiy-malakaviy va ishchanlik sifatlari, uning mehnati hamda tashkilotning xo‘jalik faoliyati natijalari hisobga olingan holda ushbu ish beruvchida amalda bo‘lgan mehnatga haq to‘lash tizimlariga muvofiq belgilanadi.
Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan takliflar hisobga olingan holda O‘zbekiston Respublikasining butun hududida bir vaqtning o‘zida belgilanadi hamda tashkiliy-huquqiy shakllaridan, mulkchilik shakllaridan va idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar, barcha ish beruvchilar uchun majburiydir.
Shu oʻrinda ta’kidlab oʻtish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanishi koʻrsatib oʻtilgan.
Ushbu normalardan kelib chiqib, bugungi kunda Oʻzbekiston hududida mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori 980 000 soʻmni tashkil qiladi. Bu degani ish beruvchilar tomonidan xodimlarga ushbu miqdordan kam boʻlgan miqdorda haqi toʻlanishi qa’tiy ta’qiqlanadi.
Xodimlarga ish haqi to‘lash muddatlari jamoa shartnomasida yoki ichki hujjatda, ular mavjud bo‘lmaganda esa mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan muddatlarda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas. Xodimlarga oylik ish haqi, qoida tariqasida, o‘n olti kundan ko‘p bo‘lmagan tanaffus bilan ikki qismga bo‘lingan holda (bo‘nakda va qolgan qismi miqdorida) to‘lanadi.
Ish beruvchi ish haqini, ta’til to‘lovlarini, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi to‘lovlarni va (yoki) xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni to‘lash muddatini buzgan taqdirda, ularni to‘lov muddatidan keyingi kundan e’tiboran to haqiqatda hisob-kitob qilingan kunni o‘z ichiga olgan muddatgacha har bir kechiktirilgan kun uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda foizlar (pulli kompensatsiya) bilan birga to‘lashi shart.
Xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan pulli kompensatsiyaning miqdori O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasining o‘n foizi miqdorida belgilanadi.
Mehnat kodeksiga muvofiq, ish vaqtidan tashqari ish uchun xodimlarga kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi.
Xodimning xohishiga ko‘ra ish vaqtidan tashqari ish uchun oshirilgan haq to‘lash o‘rniga ish vaqtidan tashqari ishlab berilgan vaqtning davomiyligiga muvofiq keladigan qo‘shimcha dam olish vaqtini berish bilan kompensatsiya qilinishi mumkin. Bunday holda ish vaqtidan tashqari ish uchun bir hissa miqdorida haq to‘lanadi, dam olish vaqti uchun esa haq to‘lanmaydi.
Umumiy qoidaga ko‘ra xodimning yozma roziligi bilan, xodimning roziligi bo‘lmagan taqdirda esa Mehnat kodeksida belginagan talablarga muvofiq ish haqidan ushlab qolinishi mumkin.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 279-moddasida belgilangan tartibda ish beruvchilar tomonidan xodimlarga kafolatli toʻlovlarini toʻlaydilar.
Kafolatli to‘lovlar xodim Mehnat Kodeksiga, boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod qilingan yoxud o‘z ixtiyoriga zid tarzda ishlash imkoniyatidan mahrum bo‘lgan vaqt uchun o‘rtacha ish haqi yoki tarif stavkasi (maosh) miqdoridagi pul to‘lovlaridir.
Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan hollarda xodimlar tomonidan mehnat majburiyatlarining yoki boshqa majburiyatlarning bajarilishi bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rnini qoplash maqsadida belgilangan pul to‘lovlari kompensatsiya to‘lovlaridir.
Ushbu kompensatsiya toʻlovlarini ish beruvchi – xodimlarni xizmat safarlariga joʻnatganlarida, xodim boshqa joydagi ishga koʻchib oʻtayotganlarida, malaka oshirish, qayta tayyorlash, kasbiy tayyorgarliklar uchun, xodimning majburiy tibiy koʻrikdan oʻtishi bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun va boshqa hollarda toʻlanishi mumkin.
Yaratilayotgan ushbu imkoniyatlarning barchasi, avvalo aholining munosib turmush sharoitlarida yashashlari, oʻz huquq va imkoniyatlaridan toʻlaqonli foydalanishlari uchun berilgan kafolatlardan desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Shunday ekan, oʻzimizning mehnat huquqlarimizdan toʻlaqonli foydalangan holda davlatimiz tomonidan, shu oʻrinda ish beruvchilar tomonidan yaratilayotgan munosib ish oʻrinlarida ishlashdek huquqlarimizdan foydalanish orqali barcha shart-sharoitlar yaratilganligining guvohi boʻlishimiz mumkin.


Berdiniyazova Nurya Koshkinbaevna
Xoʻjayli tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi boshligʻi