Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

05

Bola huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilik.


Bugungi kunda yurtimizda bolalarni ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, maʼnaviy jihatdan himoya qilish boʻyicha juda koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, mamlakatimizda bolalar huquqlarini himoya qilish boʻyicha tegishli huquqiy baza shakllangan desak hech mubolagʻa boʻlmaydi.
Jumladan, Sohadagi islohotlarni muvofiqlashtirib borish maqsadida mamlakatimizda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari — Bola huquqlari boʻyicha vakil lavozimi joriy qilindi hamda uning huzurida Bola huquqlarini himoya qilish boʻyicha jamoatchilik kengashi tuzildi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini bajarish strategiyasi va bola huquqlari masalalari boʻyicha boshqa hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi.
Shuningdek, aholi oʻrtasida bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari masalalari boʻyicha huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirishga koʻmaklashish kabi koʻpgina muhim vazifalarni amalga oshiradi.
Yangi Oʻzbekistondagi huquqiy islohotlardan yana biri O‘zbekiston Respublikasining 07.01.2008-yildagi O'RQ-139-sonli "Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonuni hamda 2016-yilda aynan “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonun imzolanishi bilan boshlandi.
Xususan, yuqoridagi qonunning 4-moddasida Bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berilganligi, har bir bola davlat himoyasida ekanligi, bolaning kamsitilishiga yo‘l qo'yilmasligi, bolalar huquqlari hamda imkoniyatlarining tengligi va har bir bolaning tashabbuslari davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanishi belgilangan.
Shuningdek, 2023-yil 26-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish borasidagi farmoni qabul qilindi, Farmonga ko‘ra, 2024-yil 1-yanvardan boshlab bola tug‘ilganidan so‘ng, doimiy yashash manzilidagi mikrohududga biriktirilgan maktabda onlayn hisobga qo‘yiladi. Maktablarning har o‘quv yili uchun qabul rejasi my.maktab.uz elektron platformasida shakllantiriladi.
Shuni taʼkidlash joyizki, bola huquqlarini himoya qilish sohasida qabul qilingan xalqaro majburiyatlarni bajarish uchun Oʻzbekiston xalqaro huquqiy normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish yoʻlida katta ishlarni amalga oshirmoqda. Amaldagi qonunchilikda bolalarning huquq va manfaatlariga, shuningdek ularning himoyasiga alohida eʼtibor berilmoqda.
Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyada 4 ta asosiy yoʻnalish belgilangan boʻlib, bular yashash, rivojlanish, himoyalanish hamda bolalarning oʻzlariga bevosita tegishli qaror qabul qilinishida qatnashish huquqlarini taʼminlashni oʻz ichiga oladi.
Mazkur yoʻnalishlarda qayd etilgan talablarning barchasiga amal qilish Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tegishli moddalari bilan mustahkamlangan.
Xususan, bosh qomusimizda ota-onalar oʻz farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashi, davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum boʻlgan bolalarni boqish, tarbiyalash va oʻqitishni taʼminlashi, farzandlar ota-onalarning nasl-nasabidan va fuqarolik holatidan qatʼi nazar, qonun oldida tengligi hamda onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinishi, shuningdek, har kim bilim olish huquqiga egaligi, bepul umumiy taʼlim olish davlat tomonidan kafolatlanishi, belgilab qoʻyilgan.
Konvensiya talablari hamda Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda qator qonunlar qabul qilinib, bu boradagi huquqiy asos yana-da mustahkamlandi. Xususan, “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”, “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”, “Oliy Majlisning inson huquqlari boʻyicha vakili (OMBUDSMAN) toʻgʻrisida”, “Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisida”, “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”, “Bola huquqlarining qoʻshimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunlarda bola huquqlarining kafolatlari taʼminlanishi bilan bogʻliq munosabatlar ishtirokchilari va ularning huquq hamda majburiyatlari aniq aks etgan.
Umuman, bugungi kunda Oʻzbekistonda bola huquqlari va manfaatlarini himoya qilish boʻyicha oʻziga xos milliy-huquqiy tizim shakllangan boʻlib, ayni paytda mamlakatimiz bu yoʻlda dadil qadam tashlayotgan davlatlardan biridir.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, mamlakatimizda bolalar huquqini himoya qilishning zarur huquqiy bazasi yaratildi. Unga koʻra bola huquqlarini amalga oshirish va himoya qilish mexanizmi ishlab chiqilib, davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining izchil olib borilayotgan faoliyatida namoyon boʻlmoqda.
1989-yilning 20-noyabr sanasi BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyasi qabul qilingan kun hisoblanadi. Ushbu Konvensiya inson huquqlari tarixidagi eng muhim hujjatlardan biridir. Konvensiya bola huquqlarini himoya qilishning kafolatlari mustahkamlangan birinchi xalqaro huquqiy hujjat hisoblanadi.
Konvensiyada ilk bor bola tushunchasi huquq subyekti sifatida tan olingan.
Bu huquq subyektiga bolalardan tashqari, voyaga yetmaganlar ham kiradi.
Ikkinchidan, Konvensiya voyaga yetmaganlarning xalqaro huquqiy maqomini shakllantirdi. Shunga koʻra, bolaning huquq va erkinlik doirasi kengaytirildi.
Uchinchidan, ushbu hujjatda shafqatsiz qiynoq va qurolli toʻqnashuvlar qurboni boʻlgan, shuningdek, qonunni buzgan va muomalaga layoqatsiz bolalarning yuridik himoyasi nazarda tutilgan.
Toʻrtinchidan, unda bolalarni baʼzi bir salbiy hodisalar (giyohvand¬lik va ruhiy taʼsir etuvchi moddalarni noqonuniy isteʼmol qilish, bolalarni sotish va gʻayriqonuniy maqsadlarga jalb etib, ulardan foydalanish) kabi taʼsirlardan himoya qilish masalalari ham alohida qayd etilgan.
Beshinchidan, bola yoki oʻsmir huquqlarini himoya qilishda kamsitmaslik tamoyili eʼtirof etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyaga 1992-yilda qoʻshilgan va unda koʻrsatilganidek bolalarning barcha huquqlarini hurmat qilish, taʼminlash va himoya qilish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan.

To'rtko'l tuman adliya bo'limi
Yuridik xizmat ko'rsatish markazi bosh yuriskonsulti 
D. Allabergenov