Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

24

Yo’qolgan guvohnomalarni takroriy berishda fuqoralar uchun ko’rsatiladigan qulayliklar.


Dalolatnoma yozuvining birinchi nusxasi saqlanayotgan FHDY organi manfaatdor shaxslarning arizalariga ko‘ra va tegishli dalolatnoma yozuvlari asosida takroriy guvohnomalar beradi.
Alohida hollarda (dalolatnoma yozuvining birinchi nusxasi yo‘qolganda, ikkinchi nusxa bo‘yicha guvohnoma olish qulay bo‘lganda) adliya boshqarmasining idoraviy FHDY arxivlari dalolatnoma yozuvining birinchi va ikkinchi nusxalarining aynan bir xilligini tekshirgandan so‘ng tug‘ilganlik, nikoh tuzilganligi, o‘lim va nikohdan ajralganlik haqida takroriy guvohnomalar beradilar.
Tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnomalar fuqarolik holati dalolatnoma yozuvi qayd etilgan tegishli shaxsning o‘ziga, uning ota-onalariga yoki qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlangan ishonch qog‘ozlari asosida boshqa shaxslarga beriladi. Vafot etgan shaxsga nisbatan tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnoma berilmaydi. Zarur hollarda, vafot etgan shaxsning tug‘ilganligi haqida ma’lumotnoma berilishi mumkin.
O‘lim haqidagi takroriy guvohnomalar marhumning yaqin qarindoshlariga va merosxo‘rlariga yoki qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlangan ishonch qog‘oziga ega bo‘lgan shaxslarga beriladi.
Nikoh tuzilganligi va nikohdan ajralganlik haqidagi takroriy guvohnomalar dalolatnoma yozuvi qayd etilgan tegishli shaxslarning o‘zlariga yoki qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlangan ishonch qog‘oziga ega bo‘lgan shaxslarga beriladi.
Nikohdan ajratilganda nikoh tuzilganligi haqidagi takroriy guvohnoma berilmaydi. Zarur hollarda nikoh tuzilganligi haqidagi ma’lumotnoma berilishi mumkin.
Bolalarga va muomalaga layoqatsiz shaxslarga takroriy guvohnomalar ularning ota-onalari (farzandlikka olganlar), vasiylari, homiylari, bolalarni ijtimoiy himoya qilish muassasalari ma’muriyatlarining arizalari bo‘yicha beriladi.
Ota-onasi bo‘lmagan taqdirda, voyaga yetmagan shaxslarga yoki pasport olmagan shaxslarga tug‘ilganlik haqidagi takroriy guvohnomalar ushbu shaxsning fotosurati yopishtirilgan, mazkur shaxs ta’lim olayotgan ta’lim muassasasi yoki yashash joyidagi mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan berilgan dalolatnoma asosida beriladi. Takroriy guvohnoma olish to‘g‘risidagi arizada ariza beruvchining familiyasi, ismi, ota ismi, manzili, shaxsini tasdiqlovchi hujjatning seriyasi, raqami, guvohnoma so‘ralayotgan shaxsning familiyasi, ismi, ota ismi, nikoh tuzilganligi haqida guvohnoma so‘ralganda — er-xotinning familiyalari, ismlari va ota ismlari, dalolatnoma yozuvi qachon va qaysi FHDY organi tomonidan qayd etilganligi va takroriy guvohnoma qanday sababga ko‘ra talab qilinayotganligi ko‘rsatilishi kerak.
Takroriy guvohnoma olishni xohlovchi shaxs doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar FHDY organi orqali murojaat qilishi mumkin.
Ariza beruvchi dalolatnoma yozuvi qayd etilgan FHDY organiga murojaat etganda takroriy guvohnoma shu kuniyoq beriladi.
Arizada qayd etilgan dalolatnoma yozuvi to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar mavjud bo‘lmaganda FHDY organi arizani besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqadi.
Harbiy xizmatni o‘tayotgan shaxslarning takroriy guvohnomalari harbiy qismlarga jo‘natiladi.
Agar takroriy guvohnoma so‘rab murojaat etilgan FHDY organida tegishli dalolatnoma yozuvi yo‘q bo‘lsa, FHDY organi arizani va dalolatnoma yozuvi yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani adliya boshqarmasining idoraviy FHDY arxiviga tegishli tekshiruv o‘tkazish va takroriy guvohnoma berish uchun jo‘natadi.
Dalolatnoma yozuvi mavjud bo‘lmasa ariza beruvchiga tegishli ma’lumotnoma yuboriladi.
Takroriy guvohnoma berish haqida ariza tushganda tekshirish arizada ko‘rsatilgan yil bo‘yicha, agar mazkur yilda bo‘lmasa — o‘tgan va keyingi 3 yillar bo‘yicha o‘tkaziladi.
Takroriy guvohnoma olishda ariza beruvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat ko‘rsatilishi kerak.
Agar dalolatnoma yozuvining ba’zi ustunlari to‘ldirilmagan bo‘lsa, u holda chiziqlar qo‘yiladi.
Beriladigan guvohnomalarning yuqori qismiga “Takroriy” degan belgi qo‘yiladi.
Takroriy guvohnomalar berilganligi uchun davlat boji va (o‘lim haqidagi guvohnomalar bundan mustasno) gerb yig‘imi undiriladi.
Fuqarolarga dalolatnoma yozuvlaridan nusxalar berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Zarur hollarda hokimlik, mudofaa ishlari bo‘limi, sog‘liqni saqlash, Bandlikka ko‘maklashish markazi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limining vakillari ma’lumotlarni to‘plash, umumlashtirish yoki taqqoslash maqsadida adliya boshqarmalarining ruxsati bilan dalolatnoma yozuvlaridan ayrim ma’lumotlarni ko‘chirib olishlari mumkin.
Amalga oshirilgan harakatlarning sirini buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.

Beruniy tumani FHDY bo’limi
II toifali inspektori D.Berdimuratova