Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

23

O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risida


O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 18 oktyabrdagi 297-son qarori bilan tastiqlangan Nizomda belgilangan bo‘lib o‘nga ko‘ra o‘rindoshlik asosida ishlash bu xodimning o‘zining asosiy ishini bajarishidan tashqari asosiy ishidan bo‘sh vaqtida mehnat shartnomasi asosida boshqa haq to‘lanadigan ishni bajarish hisoblanadi.
Yuqoridagi Nizom bilan o‘rindoshlik asosida ishlashi taqiqlangan shaxslar belgilangan. Ular toifasiga o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlari va ularning o‘rinbosarlari, bir-biriga bo‘ysunuvchi yoki bir-birining nazoratidagi tashkilotlarda davlat boshqaruvi organlari mutaxassislari kiradi. Bundan tashqari asosiy ishi mehnatning noqulay shart-sharoitlari bilan bog‘liq bo‘lsa, shunday shart-sharoitdagi ishlarda o‘rindoshlik asosida ishlashga yo‘l qo‘yilmaydi .
O‘rindoshlik asosida ishlashga asosiy ish joyida yoxud boshqa tashkilotda ishlashga yo‘l qo‘yiladi va buning uchun asosiy ish joyidagi ish beruvchining, kasaba uyushmasi qo‘mitasining yoki boshqa organning roziligi talab qilinmaydi.
O‘rindoshlik asosida ishlashning davomiyligi xodimlarning ushbu toifasi uchun belgilangan ish vaqti normasining yarmidan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Xodim asosiy ish joyidagi mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod bo‘lgan kunlarda o‘rindoshlik asosida to‘liq ish kunida ishlashi mumkin.
Ichki o‘rindoshlik asosida ishlashda ish vaqtini hisobga olish asosiy ish bo‘yicha va o‘rindoshlik asosidagi ish bo‘yicha alohida-alohida yuritilishi kerak.
Tuman koeffitsientlari va ish haqiga ustamalar belgilangan tumanlarda o‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxslarga mehnatga haq to‘lash koeffitsientlar va ustamalar hisobga olingan holda amalga oshiriladi.
Agar jamoaviy shartnomada yoxud ish beruvchi tomonidan kasaba uyushma qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishgan holda qabul qilingan boshqa mahalliy hujjatda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, o‘rindoshlik asosida ishlovchilarga mehnat haqi, mukofot, qo‘shimcha haq, ustama, rag‘batlantirish to‘lovlari shakli va tizimi tashkilotning barcha xodimlari uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
O‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxslarga har yilgi ta’tillar asosiy ish joyidagi har yilgi mehnat ta’tili bilan bir vaqtda beriladi.
Bunda o‘rindoshlik asosida ishlovchi xodim birinchi ish yilida olti oydan kam ishlagan holatda o‘rindoshlik asosidagi ishda ta’til uchun ishlangan vaqtga proporsional haq to‘lanadi.
Birinchi ish yilida olti oy ishlagan o‘rindoshlarning mehnat ta’tiliga, shuningdek ishning keyingi yillari uchun mehnat ta’tiliga o‘rindoshlik asosidagi ishning o‘rtacha ish haqidan kelib chiqqan holda odatdagi tartibda haq to‘lanishi kerak.
Nizomda xodimning asosiy ish joyi bo‘yicha haq to‘lanadigan mehnat ta’tilining davomiyligi o‘rindoshlik asosidagi ish haqi to‘lanadigan mehnat ta’tilining davomiyligidan ortiq bo‘lsa ish beruvchi o‘rindoshning iltimosiga ko‘ra unga o‘rindoshlik asosidagi ish haqi to‘lanadigan ta’tildan tashqari asosiy ish bo‘yicha ta’tilning va o‘rindoshlik asosidagi ish haqi to‘lanadigan ta’tilning tafovutini tashkil etuvchi kunlar uchun ish haqi saqlanmaydigan ta’til berishga majbur ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Bundan tashqari o‘rindoshlar o‘rindoshlik asosidagi ish joyi bo‘yicha vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi olish, ayollar esa, bundan tashqari, homiladorlik va tug‘ish nafaqalari olish huquqiga egadir. Buning uchun sog‘liqni saqlash muassasasi tomonidan berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi asos bo‘ladi.
Xodim tomonidan mehnat shartnomasida ko‘rsatilgan o‘zining asosiy ishi bilan bir qatorda ayni shu tashkilotda asosiy kasb va lavozim bo‘yicha qonunchilikda belgilangan ish vaqti davomida boshqa kasb va lavozimdagi qo‘shimcha ishni bajarish bir necha kasbda va lavozimda ishlash hisoblanadi.
Xodim tomonidan mehnat shartnomasida ko‘rsatilgan o‘zining asosiy ishi bilan bir qatorda ayni shu tashkilotda asosiy kasb va lavozim bo‘yicha qonunchilikda belgilangan ish vaqti davomida o‘sha kasb va lavozimdagi qo‘shimcha ishlarni bajarish xizmat ko‘rsatish zonasini kengaytirish, ishlar hajmini ko‘paytirish hisoblanadi va buning uchun qo‘shimcha haq to‘lanadi.
Bir necha kasbda va lavozimda ishlashga, xizmat ko‘rsatish zonasini kengaytirishga, ishlar hajmini ko‘paytirishga shunday kasb va lavozim bo‘yicha bo‘sh ish o‘rni mavjud bo‘lganda yoxud qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda xodim tomonidan vaqtinchalik yo‘q bo‘lgan xodimning vazifalarini bajarishda yo‘l qo‘yiladi.
Byudjet tashkilotlarida bir necha kasb va lavozimda ishlaganlik, xizmat ko‘rsatish zonasini kengaytirganlik, ishlar hajmini ko‘paytirganlik uchun haq to‘lash miqdori qo‘shimcha ishlanayotgan lavozim bo‘yicha maoshning 50 foizidan ortiq bo‘lishi mumkin emas, agar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa.
Byudjet tashkilotlarida bir necha kasbda va lavozimda ishlayotganlik uchun qo‘shimcha haq shunday kasb va lavozimdagi ish asosiy ish bo‘yicha mehnat majburiyatlariga kiritilgan hollarda belgilanmaydi.
Davlat boshqaruvi organlari xodimlari (texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari), davlat boshqaruvi organlari hisoblanmaydigan byudjet tashkilotlarining rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari, shuningdek ushbu tashkilotlar tarkibiy bo‘linmalarining rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari uchun bir necha kasb va lavozim asosida ishlashga, xizmat ko‘rsatish zonasini kengaytirishga, ishlar hajmini ko‘paytirishga yo‘l qo‘yilmaydi
O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasb va lavozimda ishlash tartibiga rioya qilinishi yuzasidan javobgarlik xodimni o‘rindoshlik asosida ishga qabul qiluvchi tashkilotning rahbariga yuklatiladi.

Nukus shahar Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti G.Dauletova