Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

16

Oila muqaddas dargoh


Oila — nikoh yoki tugʻishganlikka asoslangan kichik guruh. Uning aʼzolari roʻzgʻorining birligi, oʻzaro yordami va maʼnaviy masʼuliyati bilan bir-biriga bogʻlangan. Oilaning eng muhim ijtimoiy vazifalari — inson zotini davom ettirishdan, bolalarni tarbiyalashdan, oila aʼzolarining turmush sharoitini va boʻsh vaqtini samarali uyushtirishdan iboratdir. Oilaviy munosabatlar nisbatan mustaqil hodisa sanalsa-da, jamiyatdagi mavjud ijtimoiy, iqtisodiy, mafkuraviy munosabatlar bilan belgilanadi va ular taʼsirida oʻzgarib boradi. Shunga muvofiq, har bir jamiyat oʻzgarib mos oila tipini, oilaviy munosabatlarni oʻrnatadi.
Oila xalqning, jamiyatning hayoti, turmushiga oid urf-odatlarni oʻzida sinovdan oʻtkazadi. Yaxshilarini oʻz bagʻrida asrab-avaylab kelajak avlodlarga yetkazadi. Oila oʻz farzandlarini tarbiyalab, ularga umuminsoniy qadriyatlarni singdirish bilan ularga boshlangʻich ijtimoiy yoʻnalish beradi. Oʻz farzandlarini katta oqimga — jamiyatga qoʻshish bilan esa oila jamiyat yoʻnalishi, iqtisodiyoti, madaniyati va maʼrifatini ham belgilashga oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Shuning uchun ham Sharqda oila qadim-qadimdan muqaddas qoʻrgʻon hisoblanib kelingan. Xususan, oʻzbek oilalarining serildizlik, serbutoqlik xususiyatlari hozir ham saqlanib turibdi. Oʻzbeklarda oilalarning muayyan turmush tarzi shakllanib hayotiy tajriba orttirib borishi, tejamli va sarishta roʻzgʻor tutishi, farzandlarni odobli, maʼnaviy yetuk boʻlib kamol topishida keksalar, ota-onaning roli katta. oʻzbek oilalari oʻzlarining mustahkamligi, saranjom-sarishtaligi, bolajonligi, qarindosh-qondoshlik rishtalarini hurmat qilishi, mehr-oqibatli va boshqa qadriyatlari bilan ajralib turadi
Oila muqaddas dargoh. Uning mustahkamligi mamlakatimizda qonun himoyasidadir. Bosh qomusimizning 63-moddasida belgilab qo‘yilganidek, “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega. Oilaning asosiy vazifasi insoniyatning zanjirini sogʻlom va iqtidorli avlodlar bilan bogʻlab borishdan iborat. Nikoh — bu erkak bilan ayol oʻrtasidagi muayyan ittifoq va bu ittifoqning jamiyat, davlat tomonidan tan olinishi va maʼqullanishining tarixiy shakli hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimov taʼkidlaganlaridek: „Oila hayot abadiyligi, avlodlar davomiyligini taʼminlaydigan, xalqimizning muqaddas urf-odatlari sayqal topadigan, kelajak avlod kamolotiga bevosita taʼsir koʻrsatadigan tarbiya oʻchogʻidir“
Nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida ro‘yxatga olingan paytdan boshlab nikohni tuzganlar er-xotin deb hisoblanadilar va shu paytdan e’tiboran ular o‘rtasida er-xotinlik huquq va majburiyatlari vujudga keladi. Er va xotin oilada teng huquqlardan foydalanadilar va ular teng majburiyatlarga egadirlar. Bolalar tarbiyasi va oilaviy turmushning boshqa masalalarini er va xotin birgalikda hal qiladilar. Er va xotinning har biri mashg‘ulot turi, kasb va turish hamda yashash joyini tanlashda erklidir. Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.


Amudaryo tumani FHDY bo`limi mudirasi v.v.b. M.Eshmuradova