Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

24

Qonun bo‘yicha vorislik


Qonun bo‘yicha merosxo‘rlar vorislikka qonunchilikda nazarda tutilgan navbat tartibda chaqiriladilar.
Qonun bo‘yicha vorislikda farzandlikka olingan shaxs va uning avlodlari, bir tarafdan, farzandlikka oluvchi shaxs va uning qarindoshlari, ikkinchi tarafdan, tug‘ishgan qarindoshlarga tenglashtiriladilar.
Farzandlikka olinganlar va ularning avlodlari farzandlikka olingan shaxsning ota-onasi hamda buva-buvilari, aka-ukalari, opa-singillari vafot etganidan keyin qonun bo‘yicha meros olmaydilar.
Farzandlikka olingan shaxsning ota-onasi hamda buva-buvilari, aka-ukalari, opa-singillari farzandlikka olingan shaxs va uning avlodlari vafot etganidan keyin qonun bo‘yicha meros olmaydilar.
Qonun bo‘yicha vorislarning har bir navbati avvalgi navbatdagi merosxo‘rlar bo‘lmagan, merosdan chetlashtirilgan, merosni qabul qilmagan yoxud undan voz kechgan taqdirda vorislik huquqiga ega bo‘ladi.

Qonun bo‘yicha birinchi navbatdagi vorislar
Meros qoldiruvchining bolalari (shu jumladan farzandlikka olingan bolalari), eri (xotini) va ota-onasi (farzandlikka oluvchilar) teng ulushlarda qonun bo‘yicha birinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar. Meros qoldiruvchining vafotidan keyin tug‘ilgan bolalari ham birinchi navbatdagi vorislar jumlasiga kiradilar.

Qonun bo‘yicha ikkinchi navbatdagi vorislik
Meros qoldiruvchining tug‘ishgan hamda ona (ota) bir ota (ona) boshqa aka-ukalari va opa-singillari, shuningdek uning ham ota, ham ona tarafdan bobosi va buvisi teng ulushlarda qonun bo‘yicha ikkinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar.

Qonun bo‘yicha uchinchi navbatdagi vorislik
Meros qoldiruvchining tug‘ishgan amakisi, tog‘asi, ammasi va xolasi teng ulushlarda qonun bo‘yicha uchinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar.

Qonun bo‘yicha to‘rtinchi navbatdagi vorislik
Meros qoldiruvchining oltinchi darajagacha (oltinchi daraja ham shunga kiradi) bo‘lgan boshqa qarindoshlari qonun bo‘yicha to‘rtinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar, bunda yaqinroq qarindoshlar uzoqroq qarindoshlarga nisbatan meros olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladilar.
Vorislikka chaqiriladigan to‘rtinchi navbatdagi vorislar teng ulushlarda meros oladilar.

Qonun bo‘yicha beshinchi navbatdagi vorislik
Meros qoldiruvchining mehnatga qobiliyatsiz boqimlari, agar ular belgilangan asosda meros olmasalar, qonun bo‘yicha beshinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar.

Taqdim qilish huquqi bo‘yicha vorislik
Taqdim qilish huquqi bo‘yicha vorislik qonun bo‘yicha merosxo‘r meros ochilgunga qadar vafot etgan taqdirda, unga tegishli ulush uning avlodlariga o‘tishini nazarda tutadi, bunda ulush taqdim qilinayotgan qonun bo‘yicha merosxo‘r bilan bir xil darajada qarindosh bo‘lgan avlodlar o‘rtasida teng taqsimlanadi.
Bola, nevara, chevara, evara merosxo‘rligida taqdim qilish huquqi qarindoshlik darajasi cheklanmagan holda amal qiladi, yon qarindoshlik bo‘yicha merosxo‘rlikda taqdim qilish huquqiga meros qoldiruvchining tug‘ishgan aka-ukalari (opa-singillari) nomidan uning jiyanlari yoxud meros qoldiruvchining tug‘ishgan amakisi (tog‘asi) yoki ammasi (xolasi) nomidan uning amakivachchalari (tog‘avachchalari) va ammavachchalari (xolavachchalari) ega bo‘ladilar.

Meros qoldiruvchining mehnatga qobiliyatsiz boqimlari
Meros qoldiruvchining vafotiga qadar kamida bir yil uning qaramog‘ida bo‘lgan va u bilan birgalikda yashagan mehnatga qobiliyatsiz shaxslar qonun bo‘yicha merosxo‘rlar jumlasiga kiradi. Qonun bo‘yicha boshqa merosxo‘rlar bo‘lgan taqdirda, mehnatga qobiliyatsiz boqimlar vorislikka chaqirilayotgan navbatning merosxo‘rlari bilan birgalikda meros oladilar.
Qonun bo‘yicha merosxo‘rlar jumlasiga mansub bo‘lgan, biroq vorislikka chaqiriladigan navbatning merosxo‘rlari doirasiga kirmaydigan mehnatga qobiliyatsiz shaxslar, meros qoldiruvchi bilan birgalikda yashagan-yashamaganliklaridan qat’i nazar, agar meros qoldiruvchining vafotiga qadar kamida bir yil uning qaramog‘ida turgan bo‘lsalar, ana shu vorislikka chaqiriladigan navbatning merosxo‘rlari bilan birgalikda meros oladilar.
Qonun bo‘yicha boshqa merosxo‘rlar bo‘lgan taqdirda, ushbu modda asosida vorislikka chaqiriladigan shaxslarning hammasi birgalikda ko‘pi bilan merosning to‘rtdan bir qismini meros qilib oladilar.

Meros qoldiruvchining voyaga yetmagan yoki mehnatga qobiliyatsiz bolalari, shu jumladan farzandlikka olgan bolalari, shuningdek mehnatga qobiliyatsiz eri (xotini) va ota-onasi, shu jumladan uni farzandlikka olganlar, vasiyatnomaning mazmunidan qat’i nazar, qonun bo‘yicha voris bo‘lganlarida ulardan har biriga tegishi lozim bo‘lgan ulushning kamida yarmini (majburiy ulush) meros qilib oladilar.
Majburiy ulush olish huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘r biron-bir asos bo‘yicha merosdan oladigan hamma narsa, shu jumladan oddiy uy jihozlari va ro‘zg‘or buyumlaridan iborat mol-mulkning qiymati ham, bunday merosxo‘r foydasiga qilingan vasiyat majburiyatining qiymati ham majburiy ulushga qo‘shiladi.
Merosdan majburiy ulush olish huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘r uchun vasiyatnomada belgilangan har qanday cheklashlar va shartlar unga tegadigan merosning majburiy ulushdan ortiqcha qismiga nisbatangina haqiqiydir.
Merosxo‘r o‘ziga tegishi lozim bo‘lgan merosni yoki uning bir qismini (ulushini) olish huquqiga, agar u keyinchalik merosdan voz kechmasa, vorislik huquqidan mahrum etilmasa va uni merosxo‘r etib tayinlash to‘g‘risidagi vasiyat farmoyishi haqiqiy emas deb topilishi natijasida meros olish huquqini yo‘qotmasa, meros ochilgan vaqtdan e’tiboran ega bo‘ladi.
Merosxo‘r meros ochilgan kundan e’tiboran istalgan vaqtda merosdan voz kechishga haqli.
Merosdan voz kechish merosxo‘r tomonidan meros ochilgan joydagi notariusga ariza berish orqali amalga oshiriladi.
Agar ishonchnomada vakil orqali merosdan voz kechish vakolati maxsus nazarda tutilgan bo‘lsa, merosdan shu tarzda voz kechilishi mumkin.
Merosdan voz kechish keyinchalik bekor qilinishi yoki qaytarib olinishi mumkin emas.
Agar qonun bo‘yicha ham, vasiyatnoma bo‘yicha ham merosxo‘rlar bo‘lmasa yoxud merosxo‘rlardan hech qaysisi vorislik huquqiga ega bo‘lmasa yoxud ularning hammasi merosdan voz kechgan bo‘lsa, meros mol-mulk egasiz deb hisoblanadi.
Meros mol-mulk meros ochilgan joydagi mahalliy davlat hokimiyati organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining arizasi bo‘yicha meros ochilgan kundan e’tiboran uch yil o‘tganidan keyin sudning qarori asosida egasiz deb topiladi. Meros mol-mulk, agar uni qo‘riqlash va boshqarish bilan bog‘liq xarajatlar uning qiymatidan oshib ketsa, ko‘rsatilgan muddat o‘tishidan oldin egasiz deb topilishi mumkin.
Egasiz mol-mulk u turgan joydagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mulkiga o‘tadi, bu organ mol-mulkdan voz kechgan taqdirda, davlat mulkiga o‘tadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi