Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

23

Vasiyat bo‘yicha vorislik


Fuqaroning o‘ziga tegishli mol-mulkni yoki bu mol-mulkka nisbatan huquqini vafot etgan taqdirda tasarruf etish xususidagi xohish-irodasi vasiyat deb e’tirof qilinadi.
Vasiyatnoma shaxsan tuzilishi lozim. Vasiyatnomaning vakil orqali tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Fuqaro o‘zining barcha mol-mulkini yoki uning muayyan qismini qonun bo‘yicha merosxo‘rlar doirasiga kiradigan, shuningdek kirmaydigan bir yoki bir necha shaxsga, shu bilan birga yuridik shaxslarga, davlatga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga vasiyat qilishi mumkin.
Vasiyat qiluvchi qonun bo‘yicha merosxo‘rlardan bittasini, bir nechasini yoki hammasini izoh bermagan holda merosdan mahrum qilishga haqli. Qonun bo‘yicha merosxo‘rni merosdan mahrum etish, agar vasiyatnomadan boshqa hol kelib chiqmasa, bu vasiyat qiluvchining taqdim etish huquqi bo‘yicha vorislik qiladigan avlodlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Meros qoldiruvchi har qanday mol-mulk to‘g‘risidagi farmoyishni o‘z ichiga oladigan vasiyatnoma tuzishga haqli.
Meros qoldiruvchi vasiyat qilayotgan paytida o‘ziga tegishli bo‘lmagan mol-mulk to‘g‘risidagi farmoyishni o‘z ichiga oladigan vasiyatnoma tuzishga haqli. Agar meros ochilgan paytga kelib, bunday mol-mulk unga tegishli bo‘lib qolsa, tegishli farmoyish haqiqiy hisoblanadi.
Meros qoldiruvchi vasiyatnoma tuzilganidan keyin uni istagan paytda bekor qilish va o‘zgartirish borasida erkin bo‘lib, bunda bekor qilish yoki o‘zgartirish sabablarini ko‘rsatishga majbur emas.
Meros qoldiruvchi o‘zi vasiyatnomada merosxo‘r etib tayinlagan shaxslarga, o‘z navbatida vafot etishlari ehtimoli bilan o‘zlariga vasiyat qilingan mol-mulkni muayyan tarzda tasarruf etish xususida ko‘rsatma berish majburiyatini yuklashga haqli emas.
Vasiyat qiluvchi merosning olinishi uchun merosxo‘r xulq-atvorining xususiyatini qonuniy ravishda shart qilib qo‘yishga haqli.
Merosxo‘rni tayinlash yoki vorislik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi farmoyishga kiritilgan g‘ayriqonuniy shartlar haqiqiy bo‘lmaydi.
Vasiyatnomaga kiritilgan bo‘lib, merosxo‘r o‘z salomatligining ahvoliga ko‘ra yoki boshqa obyektiv sabablar tufayli bajara olmaydigan shartlar merosxo‘rning da’vosi bo‘yicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Vasiyatnoma yozilgan joyi va vaqti ko‘rsatilgan holda yozma shaklda tuzilishi lozim.
Quyidagi vasiyatnomalar yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi:
• notarial tasdiqlangan vasiyatnomalar;
• notarial tasdiqlangan vasiyatnomalarga tenglashtirilgan vasiyatnomalar.
Yozma shakldagi vasiyatnoma vasiyat qiluvchining o‘z qo‘li bilan imzolanishi lozim.
Agar vasiyat qiluvchi jismoniy nuqsonlari, kasalligi yoki savodsizligi tufayli vasiyatnomani o‘z qo‘li bilan imzolay olmasa, uning iltimosiga binoan notarius yoki qonunga muvofiq vasiyatnomani tasdiqlaydigan boshqa shaxs hozir bo‘lganida vasiyat qiluvchi o‘z qo‘li bilan imzolay olmaganligining sabablari ko‘rsatilgan holda vasiyatnomaga boshqa shaxs imzo qo‘yishi mumkin.
Quyidagilar vasiyat qiluvchining o‘rniga vasiyatnomani imzolashi mumkin emas:
• notarius yoki vasiyatnomani tasdiqlovchi boshqa shaxs;
• vasiyatnoma kimning foydasiga tuzilgan yoki kimga nisbatan vasiyat majburiyati yuklatilgan bo‘lsa, o‘sha shaxs, uning eri (xotini), bolalari, ota-onasi, nevaralari va chevaralari, shuningdek vasiyat qiluvchining qonun bo‘yicha merosxo‘rlari;
• to‘liq muomala layoqatiga ega bo‘lmagan fuqarolar;
• savodsizlar va vasiyatnomani o‘qiy olmaydigan boshqa shaxslar;
• yolg‘on guvohlik berganlik uchun muqaddam sudlangan shaxslar.
Notarial tasdiqlangan vasiyatnoma vasiyat qiluvchi tomonidan yozilgan yoki uning so‘zlaridan notarius tomonidan yozib olingan bo‘lishi lozim. Vasiyatnomani vasiyat qiluvchi so‘zlaridan notarius tomonidan yozib olish paytida umumiy qabul qilingan texnika vositalaridan (yozuv mashinkasi, shaxsiy kompyuter va hokazolardan) foydalanilishi mumkin.
Vasiyat qiluvchining so‘zlaridan notarius tomonidan yozib olingan vasiyatnomani imzolashdan oldin vasiyat qiluvchi uning matnini notarius oldida to‘liq o‘qib chiqishi lozim.
Agar vasiyat qiluvchi jismoniy nuqsonlari, kasalligi yoki savodsizligi tufayli vasiyatnomani shaxsan o‘qiy olmasa, vasiyatnomaning matni vasiyat qiluvchiga notarius tomonidan o‘qib eshittiriladi, bu haqda vasiyatnomada tegishlicha qayd etilib, vasiyat qiluvchi vasiyatnomani shaxsan o‘qiy olmaganligining sabablari ko‘rsatiladi.
Vasiyat qiluvchining xohishiga ko‘ra vasiyatnoma notarius tomonidan uning mazmuni bilan tanishib chiqilmasdan (maxfiy vasiyatnoma) tasdiqlanadi.

Notarial tasdiqlangan vasiyatnomalarga tenglashtirilgan vasiyatnomalar
Quyidagi vasiyatnomalar notarial tasdiqlangan vasiyatnomalarga tenglashtiriladi:
• kasalxonalar, gospitallar, boshqa statsionar davolash muassasalarida davolanayotgan yoki keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun internat uylarida yashab turgan fuqarolarning ana shu kasalxonalar, gospitallar va boshqa davolash muassasalarining bosh vrachlari, ularning davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari yoki navbatchi vrachlari, shuningdek gospitallarning boshliqlari, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun internat uylarining direktorlari yoki bosh vrachlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
• fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i ostidagi kemalarda suzib yurgan vaqtidagi ana shu kemalarning kapitanlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
• qidiruv ekspeditsiyalari yoki shu kabi boshqa ekspeditsiyalardagi fuqarolarning ana shu ekspeditsiyalar boshliqlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
• harbiy xizmatchilarning, notariuslar bo‘lmagan yerlarda joylashgan harbiy qismlarda esa, bu qismlarda ishlayotgan harbiy bo‘lmagan fuqarolar, ularning oila a’zolari va harbiy xizmatchilar oila a’zolarining ham harbiy qismlarning komandirlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
• ozodlikdan mahrum etish joylarida yoki qamoqda saqlanayotgan shaxslarning tegishli muassasalar boshliqlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
• notarius bo‘lmagan aholi punktlarida yashayotgan shaxslarning qonunga muvofiq notarial harakatlarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslar tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari.

Vasiyatnomani bekor qilish va o‘zgartirish
Vasiyat qiluvchi istalgan vaqtda o‘z vasiyatnomasini to‘laligicha bekor qilishga yoxud unda mavjud bo‘lgan ayrim vasiyat farmoyishlarini yangi vasiyatnoma tuzish orqali bekor qilishga, o‘zgartirishga yoki to‘ldirishga haqli.
Vasiyatnoma vasiyat qiluvchi tomonidan yoki vasiyat qiluvchining yozma farmoyishiga binoan notarius yoxud boshqa mansabdor shaxslar tomonidan uning barcha nusxalarini yo‘q qilib tashlash yo‘li bilan bekor qilinishi mumkin.
Yangi vasiyatnoma tuzish orqali oldin tuzilgan vasiyatnoma to‘laligicha yoki uning keyingi vasiyatnomaga zid bo‘lgan qismi bekor qilinadi.
Agar vasiyat qiluvchi tomonidan keyingi vasiyatnoma o‘z navbatida bekor qilingan yoki o‘zgartirilgan bo‘lsa, yangi vasiyatnoma tuzish orqali to‘laligicha yoki qisman bekor qilingan oldingi vasiyatnoma qayta tiklanmaydi.

Vasiyatnomaning haqiqiy emasligi
Tegishli shaklda tuzilmagan vasiyatnoma haqiqiy emas. Vasiyatnomaning haqiqiy emasligi ushbu Kodeksning bitimlar haqiqiy emasligi to‘g‘risidagi qoidalarga ham asoslanadi.
Vasiyatnomaning haqiqiy emas deb topilishidan mulkiy oqibatlarga ega bo‘ladigan shaxsning da’vosi bo‘yicha vasiyatnoma uni tuzish, imzolash va tasdiqlashning ushbu Kodeksda belgilangan tartibi buzilishi natijasida haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Vasiyatnomadagi ayrim farmoyishlarning haqiqiy emasligi vasiyatnomaning qolgan qismi haqiqiyligiga daxl qilmaydi.
Vasiyatnoma haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, ushbu vasiyatnomaga binoan merosdan mahrum bo‘lgan merosxo‘r umumiy asoslarda meros olish huquqiga ega bo‘ladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi