Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

22

Mehnat qonunchiligi bo‘yicha ish beruvchi va xodimlarning huquq va majburiyatlari


O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 2-moddasiga ko‘ra, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik xodimlar, ish beruvchilar, davlat manfaatlarini e’tiborga olgan holda, mehnat bozorining samarali amal qilishini, haqqoniy va xavfsiz mehnat shart-sharoitlarini, xodimlarning mehnat huquqlari va sog‘lig‘i himoya qilinishini ta’minlaydi, mehnat unumdorligining o‘sishiga, ish sifati yaxshilanishiga, shu asosda barcha aholining moddiy va madaniy turmush darajasi yuksalishiga ko‘maklashadi.
Shu bois, mehnat kodeksiga asosan xodimlarning va ish beruvchilarning asosiy huquq va majburiyatlari belgilangan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq har bir shaxs mehnat qilish, erkin ish tanlash, haqqoniy mehnat shartlari asosida ishlash va qonunda belgilangan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir.
Har bir xodim:
o‘z mehnati uchun qonunchilikda Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining birinchi razryadi bo‘yicha belgilanganidan oz bo‘lmagan miqdorda haq olish;
muddatlari chegarasi belgilangan ish vaqtini o‘rnatish, bir qator kasblar va ishlar uchun ish kunini qisqartirish, har haftalik dam olish kunlari, bayram kunlari, shuningdek haq to‘lanadigan yillik ta’tillar berish orqali ta’minlanadigan dam olish;
xavfsizlik va gigiena talablariga javob beradigan sharoitlarda mehnat qilish;
kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
ish bilan bog‘liq holda sog‘lig‘iga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash;
kasaba uyushmalariga hamda xodimlar va mehnat jamoalarining manfaatlarini ifoda etuvchi boshqa tashkilotlarga birlashish;
qariganda, mehnat qobiliyatini yo‘qotganda, boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish;
o‘zining mehnat huquqlarini himoya qilish, shu jumladan sud orqali himoya qilish va malakali yuridik yordam olish;
jamoalarga doir mehnat nizolarida o‘z manfaatlarini quvvatlash huquqiga egadir.
Shuningdek, ish beruvchi o‘z navbatida:
korxonani boshqarish va o‘z vakolatlari doirasida mustaqil qarorlar qabul qilish;
qonunchilikka muvofiq yakka tartibdagi mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish;
mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ishni lozim darajada bajarishni xodimdan talab qilish;
o‘z manfaatlarini himoyalash uchun boshqa ish beruvchilar bilan birga jamoat birlashmalari tuzish va bunday birlashmalarga a’zo bo‘lish huquqiga egadir.
Bundan tashqari, xodimlarning va ish beruvchilarning Mehnat kodeksida belgilangan asosiy huquq va majburiyatlaridan tashqari, tashkilotning jamoa kelishuvlari, shuningdek jamoa shartnomalari va boshqa lokal normativ hujjatlarda ham belgilanishi mumkin.
Sababi, O‘zbekiston Respublikasida mehnatga oid munosabatlar mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik, jamoa kelishuvlari, shuningdek jamoa shartnomalari va boshqa lokal normativ hujjatlar bilan tartibga solinishi nazarda ko‘rsatilgan.

Nukus shahar adliya bo‘limining
Yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi boshlig‘i T.Utemiratov