Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

16

Oila muqaddas, fuqarolarning qonuniy nikohi ro‘yxatga olinishi natijasida yuzaga keladigan huquq va majburiyatlari


Oila – muqaddas tushuncha. Har bir odam o‘zini oilasiz tasavvur qila olmaydi. Oila jamiyatning bir bo‘lagi hamda jamiyatning boshlang‘ich bo‘g‘ini hisoblanadi. Oila mustahkam, tinch, halol va pok bo‘lsa, jamiyat ham osoyishta, mustahkam, farovon bo‘ladi. Aksincha, oilalarda parokandalik, buzg‘unchilik bo‘lsa, o‘sha jamiyat buziladi, tinchi yo‘qoladi, u oqibatda chuqur tanazzulga yuz tutadi. Baxtli oilalar tufayli baxtli jamiyat vujudga keladi.
Bunda oila a’zolarining, ayniqsa, er va xotinning o‘zaro murosa-madoraga borishi, g‘azabi kelganda uni yengishi va shirin so‘zli bo‘lishi, shu bilan birga, oilaviy sirlarni ko‘chaga olib chiqmasligi singari bir qator omillar juda katta ahamiyat kasb etadi.Er va xotin – ikki tirik vujudning, ikki odamning o‘zaro ittifoqidan paydo bo‘lgan uchinchi bir olam- bu oiladir. Ittifoq iborasida ahillik, totuvlik degan ma’nolar ham bor, albatta. Agar oila haqiqatan tinch-totuv, ahil bo‘lsa, olam guliston. Aks holda turmush do‘zaxga aylanadi, oila esa zindonning o‘zi bo‘ladi, er-xotin esa bir-biriga raqib va raqiba bo‘lib qoladilar, buning jabrini esa ulardan ko‘ra farzandlari, yaqin qarindoshlari tortadilar. Jamiyatga moddiy va ma’naviy ziyon yetadi. Darhaqiqat,oila faqat er va xotinning o‘zidan iborat emas. Oila er- xotin, ularning bola-chaqalari, eng yaqin tug‘ishganlaridan iborat kishilar guruhi, boshqacha aytganda xonadondir. Oila odamlarning tabiiy, iqtisodiy, huquqiy, ma’naviy munosabatlarlariga asoslangan ijtimoiy birligidir. Tabiiy munosabat deyilganda, er-xotinlik munosabatlari, farzand ko‘rish; iqtisodiy munosabatlar deyilganda, mulkiy munosabatlar: uy-ro‘zg‘or, hovli-joy – boshpana – kichik vatan; xuquqiy munosabat deyilganda , nikohni davlat yo‘li bilan qayd etish nazarda tutilmoqda. Oila rasmiy tus olgan taqdirdagina, er xotini oldida, xotin eri oldida,ularning ikkovlari farzandlari oldida, farzandlari ota-onalari oldida mas’uliyati va burchlari, haqlari bo‘ladi. Ma’naviy munosabat deyilganda er-xotin, ota-ona va farzandlari o‘rtasidagi mehr-muhabbat, mehr- oqibat, odob-axloq, ta’lim- tarbiya kabi insoniy tuyg‘ular va talablar ko‘zda tutilmoqda. Oila a’zolari bir-birlari bilan umumiy turmush, o‘zaro iqtisodiy-mulkiy, huquqiy,axloqiy, ruhiy aloqalar bilan bog‘lanadi. Oilaning birinchi vazifasi o‘z nasl-nasabini davom ettirishdan, solih va soliha farzandlarni tarbiyalashdan, oila a’zolarining tirikchiligini, bo‘sh vaqtni ko‘ngilli o‘tkazishni ta’minlashdan iborat.
Nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida ro‘yxatga olingan paytdan boshlab nikohni tuzganlar er-xotin deb hisoblanadilar va shu paytdan e’tiboran ular o‘rtasida er-xotinlik huquq va majburiyatlari vujudga keladi. Er va xotin oilada teng huquqlardan foydalanadilar va ular teng majburiyatlarga egadirlar. Bolalar tarbiyasi va oilaviy turmushning boshqa masalalarini er va xotin birgalikda hal qiladilar. Er va xotinning har biri mashg‘ulot turi, kasb va turish hamda yashash joyini tanlashda erklidir. Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi. Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari jumlasiga (er va xotinning umumiy mol-mulkiga) er va xotin har birining mehnat faoliyatidan, tadbirkorlik faoliyatidan va intellektual faoliyat natijalaridan orttirgan daromadlari, ular tomonidan olingan pensiyalar, nafaqalar, shuningdek maxsus maqsadga mo‘ljallanmagan boshqa pul to‘lovlari (moddiy yordam summasi, mayib bo‘lish yoki salomatligiga boshqacha zarar yetkazish oqibatida mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik munosabati bilan yetkazilgan zararni qoplash tarzida to‘langan summalar va boshqalar) kiradi. Er va xotinning umumiy daromadlari hisobiga olingan ko‘char va ko‘chmas ashyolar, qimmatli qog‘ozlari, paylari, omonatlari, kredit muassasalariga yoki boshqa tijorat tashkilotlariga kiritilgan kapitaldagi ulushlari hamda er va xotinning nikoh davomida orttirgan boshqa har qanday mol-mulklari, ular er yoki xotindan birining nomiga rasmiylashtirilgan yoxud pul mablag‘lari kimning nomiga yoki er va xotinning qaysi biri tomonidan kiritilgan bo‘lishidan qat’i nazar ular ham er va xotinning umumiy mol-mulki hisoblanadi. Er va xotindan biri uy-ro‘zg‘or ishlarini yuritish, bolalarni parvarish qilish bilan band bo‘lgan yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra mustaqil ish haqi va boshqa daromadga ega bo‘lmagan taqdirda ham er va xotin umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqqa ega bo‘ladi.Er va xotin ularning birgalikdagi umumiy mulki bo‘lgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etishda teng huquqlarga egadir.Er va xotindan birining umumiy mol-mulkini tasarruf etishi bilan bog‘liq bitim tuzilganda bu harakat boshqasining roziligiga ko‘ra amalga oshirilayotganligini anglatadi.Er va xotinning nikohga qadar o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulki, shuningdek ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulki ulardan har birining o‘z mulki hisoblanadi. Nikoh davomida er-xotinning umumiy mulki yoki ulardan har birining mol-mulki yoxud er va xotindan birining mehnati hisobiga mol-mulkning qiymati ancha oshishiga olib kelgan mablag‘lar (kapital ta’mirlash, qayta qurish, qayta jihozlash va boshqalar) qo‘shilgani aniqlansa, er yoki xotindan har birining mol-mulki ularning birgalikdagi mulki deb topilishi mumkin. Qimmatbaho buyumlar va zebu-ziynatlardan boshqa shaxsiy foydalanishdagi buyumlar (kiyim-bosh, poyabzal va boshqa shu kabilar), garchi nikoh davomida er va xotinning umumiy mablag‘i hisobiga olingan bo‘lsa ham, ulardan foydalanib kelgan er va xotinning xususiy mulki hisoblanadi.Nizo tug‘ilgan hollarda er va xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lish, shuningdek er va xotinning bu mol-mulkdagi ulushini aniqlash sud tartibida amalga oshiriladi. Umumiy mol-mulkni bo‘lishda sud er va xotinning har biriga mulkning qaysi qismi berilishi lozimligini aniqlaydi. Er (xotin)ga unga qarashli ulushdan oshiq qiymatga ega bo‘lgan mol-mulk beriladigan hollarda, xotin (er)ga tegishli pul yoki o‘zga kompensatsiya belgilanishi mumkin. Oilaviy munosabatlar tugatilganda, sud er va xotin alohida yashagan davrda orttirgan mol-mulkni ulardan har birining o‘z mulki deb topishi mumkin.

Amudaryo tumani FXDY bo‘limi inspektori M.Eshmuradova