Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

13

Konstitutsiyaviy islohotlar


Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim.
«Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining tegishli qarorlariga muvofiq «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasi aholining barcha qatlamlarini qamrab olgan holda, ochiqlik va oshkoralik prinsiplari asosida tashkil etilgan.
Aholining talab va istaklarini inobatga olgan holda hamda Konstitutsiyaviy qonun loyihasini xalqimiz bilan har tomonlama muhokama qilish, loyihani pishiq-puxta holda maromiga yetkazish maqsadida umumxalq muhokamasini o‘tkazish muddati ikki marta uzaytirilgan.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi «Xalq so‘zi», «Narodnoe slovo» gazetalarida hamda «Meningkonstitutsiyam.uz» elektron platformasida e’lon qilindi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha umumxalq muhokamasining borishi jarayonini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish choralari ko‘rilib, umumxalq muhokamasi davomida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan aholidan hamda fuqarolik jamiyati institutlaridan 150 mingdan ortiq taklif va fikr-mulohazalar kelib tushgan bo‘lib, ular o‘rganilgan va eng dolzarb takliflar Konstitutsiyaviy qonun loyihasida o‘z aksini topgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining uchta bosqichini aniq belgilab berganini alohida qayd etish maqsadga muvofiqdir.
Birinchi bosqich — Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha takliflarni qabul qilish, jamlash va tahlil qilishni tashkillashtirish. Konstitutsiyaviy komissiya takliflari asosida ishlab chiqilgan loyiha parlamentning Qonunchilik palatasiga taqdim etildi. Shu munosabat bilan Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining birinchi bosqichi yakuniga yetdi.
Ikkinchi bosqich — parlament tomonidan ishlab chiqilgan yangilangan Konstitutsiya loyihasini umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqish. Bunday demokratik yondashuv “Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi — xalqdir”, degan tamoyilga to‘la mos keladi.
Uchinchi bosqich — umumxalq muhokamasi natijasida maromiga yetkazilgan Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilish. Bu tom ma’noda, xalqimiz xohish-irodasining ifodasi — haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi.
Inson qadrini yuksaltirish haqiqatda davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasi bo‘lmog‘i shart. Chunki inson —davlat va jamiyat uchun maqsadga erishish vositasi emas, aksincha, ana shu maqsadning bosh mazmuni va manbai hamda eng oliy qadriyat bo‘lishi lozim.
Konstitutsiyamizga “O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi”, degan yana bir muhim normani kiritish taklif qilindi. Nega deganda, “yashash huquqi — har bir insonning tabiiy huquqi. Ko‘plab davlatlarning Konstitutsiya va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda aks etgan “Miranda qoidasi”ga ko‘ra, shaxsni ushlash chog‘ida uning huquqlari va nima sababdan ushlangani sodda tilda tushuntirilishi shart.
Yana bir taklif — “Xabeas korpus” institutini rivojlantirish zaruriyati. Ya’ni shaxs sud qaroriga qadar ko‘pi bilan qirq sakkiz soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emas. Agar sud tomonidan shaxsni hibsga olish yoki unga nisbatan boshqacha turdagi ozodlikni cheklash haqida qaror belgilangan muddatda qabul qilinmasa, bunday shaxsni darhol ozod qilish kerakligi haqidagi normani ham Konstitutsiyada aks ettirish taklif etilmoqda. Konstitutsiyamizda “Shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos bo‘lishi mumkin emas”, deb qat’iy yozib qo‘yilishi kerakligi ta’kidlanmoqda.
Asosiy qonunimizda O‘zbekistonning har bir fuqarosi mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar yoki yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega bo‘lishi, shuningdek, barcha fuqarolarga mamlakatdan to‘siqlarsiz chiqish va qaytish huquqi kafolatlanishi lozim. Har bir fuqaroning shaxsiy hayot daxlsizligi va uning kafolatlari aynan Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi kerak.
Mazkur takliflardan ko‘zlangan asosiy maqsad “Inson qadri uchun” g‘oyasini hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili bo‘lgan “Inson — jamiyat — davlat” degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirishdir. Prezidentimiz aytganidek, “insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak”.

Xulosa sifatida aytadigan bo‘lsak, yangilanayotgan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasi, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos va ishonchli kafolati bo‘lib xizmat qiladi.



Xo‘jayli tumani adliya bo‘limining
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti R.B.Tajibayev