Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

23

Biz korrupciyaga qarshimiz


O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyul kungi “Korrupsiyaga karshi murosasiz bo'lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-6257-sonli Farmonidan xabardormisiz?

Mamlakat rivojlanishining bugungi bosqichida korrupsiya O'zbekiston davlati va jamiyati taraqqiyoti uchun eng jiddiy xavf-xatarlardan biri hisoblanadi.
Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashishning ilg'or xalqaro standartlarga asoslangan tizimini joriy etish bo'yicha izchil choralar ko'rilmoqda.
Ilk bor korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va tizimli tahlil qilish, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf qilish uchun mas’ul bo'lgan alohida organ — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Davlat hokimiyati organlari va yirik xo'jalik yurituvchi sub’ektlarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo'lga qo'yilmoqda.
Raqamli texnologiyalar imkoniyatidan keng foydalangan holda transport vositalariga davlat raqam belgilarini berish, notariat va boshqa davlat xizmatlarini ko'rsatish, er uchastkalarini ajratish, yo'l harakati qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish kabi ko'plab sohalarda korrupsiya va suiiste’molchiliklarning oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlar joriy etilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaviy holatlarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish, ushbu jarayonga jamoatchilikni keng jalb etish va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo'lish muhitini shakllantirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyul kungi “Korrupsiyaga karshi murosasiz bo'lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi ”PF -6257-sonli Farmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmon bilan, korrupsiya holatlarining har qanday ko'rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo'lish va unga qarshi ayovsiz kurashish barcha darajadagi davlat organlari rahbar va xodimlarining eng ustuvor vazifasi etib belgilandi.
Bosh prokuratura, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (keyingi o'rinlarda — Agentlik), Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi korrupsiyaning har qanday ko'rinishlariga nisbatan javobgarlik muqarrarligini ta'minlash uchun barcha kuch va vositalarni safarbar etishi kursatildi.
Shunungdek, keng jamoatchilikning fikri va takliflarini inobatga olib, davlat boshqaruvini korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish maqsadida Agentlik tomonidan «Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reestri» yuritilishi belgilandi.
Reestrga kiritilgan shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:
- davlat xizmatiga kirish va davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi;
- saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodlarining ko'rsatilishi;
- davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning a'zosi bo'lish;
- ular tomonidan ta'sis etilgan va (yoki) ular ishtirokchisi hisoblangan tadbirkorlik sub’ektlari davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik to'g'risidagi bitimda ishtirokchi (ijrochi) sifatida qatnashish, shuningdek, davlat aktivlarini xususiylashtirish bilan bog'liq tender va tanlov savdolarida ishtirok etish;
- davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo'lgan tashkilotlar hamda davlat ta'lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritish.
Belgilandiki, qonunchilik hujjatlarida ko'rsatilgan lavozimni egallab turgan shaxsning bevosita yoki bilvosita shaxsiy manfaati mansab (xizmat) majburiyatlarini ob’ektiv va xolis bajarishiga ta'sir ko'rsatuvchi yoki shunday ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan vaziyatlar manfaatlar to'qnashuvi hisoblanadi hamda bunday vaziyatlarni oshkor qilish va ularning oldini olish bo'yicha o'z vaqtida chora ko'rmaganlik o'rnatilgan tartibda javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Agentlikka manfaatlar to'qnashuvi bilan bog'liq har qanday holatlar aniqlanganda, shartnoma, buyruq va boshqa hujjatning amal qilishini to'xtatib turish to'g'risida taqdimnoma yoki uni haqiqiy emas deb topish bo'yicha sudga da'vo kiritish vakolati berildi.
Mahalliy byudjet mablag'laridan foydalanishdagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf qilish maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlari muntazam ravishda mahalliy byudjetlarning qo'shimcha manbalari hisobidan ajratilgan mablag'lardan foydalanilishi ustidan nazorat o'rnatildi.
Ushbu farmon bilan korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha 2021-2022 yillarga mo'ljallangan davlat dasturi tasdiqlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha 2021-2022 yillarga mo'ljallangan Davlat dasturi bilan kuydagi asosiy yo'nalishlar bo'yicha chora-tadbirlar belgilandi:
I. Korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish.
II. Davlat xaridlari sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish va manfaatlar to'qnashuvining oldini olish.
III. Korrupsiyaga qarshi kurashish tuzilmalari faoliyatini takomillashtirish.
IV. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha xalqaro standartlarni joriy qilish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish.
V. Davlat organlari faoliyati ochiqligini ta'minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha targ'ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish.
Xulosa qilib aytganda, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta'minlash hamda mansabdor shaxslarning aholi oldidagi hisobdorligini yo'lga qo'yish orqali davlat boshqaruvida samarali va ta'sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratilib korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashiladi.

Nukus tumani
Yuridik xizmat ko'rsatish
markazi boshlig'i M.Utepbergenov